O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) fraksiyasi a’zolari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev OTMlarda o‘qish pullarini kamaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

Ularning fikricha, 2017−2018 yillarda kontraktlar miqdorining «muzlatilishi» talabalar va ota-onalar uchun ancha yengillik bo‘lgan edi. Biroq, har yili ish haqi va stipendiyalarning ortib borishini inobatga olganda, bunday holatning har yili davom etmasligi kunday ravshan edi.

«O‘quvchilar judayam qizg‘in kutib olgan, internet saytlari hamda gazetalarda e’lon qilingan to‘lov kontrakt miqdorlarini kamaytirish haqidagi takliflar yuqori tashkilotlarga yuborilgan edi. Biroq, ming afsuski, ushbu takliflarga tegishli mutasaddilar tomonidan hozirgacha hech qanday munosabat yoki javob berilgani yo‘q», — dedi deputatlar.

Mazkur taklif xarajatlarni kamaytirish, talabaning qo‘lga kiritilgan baliga qarab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash hamda tayinlangan stipendiya miqdori hisobidan chegirma belgilash orqali to‘lov-kontrakt miqdorlarining kamaytirish va to‘lashda qulaylik yaratishdan iborat.

Bildirilayotgan bu taklif to‘lov kontrakt miqdorining hozirgi oshirilgan sharoitida ham talaba va ularning ota-onalari uchun anchagina qulayliklar yaratishi mumkin.

2018/2019 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 69200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha — 17654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida — 51546 nafarni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, 17654 nafar talaba davlat byudjeti asosida ta’lim oladigan bo‘lsa, ulardan atigi bir necha ball kamroq ball olgan talabalar esa to‘rt yil davomida kontrakt to‘lashi shart. Ustiga ustak, to‘lov-kontrakt miqdorining har yili oshirilib borilishini ham unutmaslik kerak. Bundan tashqari, talaba yoki uning ota-onasi tomonidan 6 oy oldin to‘langan to‘lov-kontrakt miqdori hisobidan har oy, jumladan, ta’til oylariga ham stipendiya to‘lanib kelinmoqda.

Agar ilgari surilayotgan taklif inobatga olinib, amaliyotga joriy etilsa nima o‘zgaradi? Buni deputatlar bakalavrlar misolida tushuntirib beradi.

Birinchidan, hozirgi holatda jami 69200 nafar bakalavrdan 17654 nafari to‘liq davlat byudjeti, qolgan 51546 nafari esa to‘liq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi va davlatga 51546 shartli birlikdagi to‘lov-kontrakt miqdoridagi mablag‘ kelib tushadi. Taklifga ko‘ra esa, jami 69200 nafar bakalavrlarning eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan birinchi 12%i yoki 8304 nafari to‘liq davlat byudjeti asosida, keyingi 12%i yoki yana 8304 nafari 45%li to‘lov kontrakt asosida, keyingi 12%i yoki yana 8304 nafari 60%li to‘lov kontrakt asosida, keyingi 12%i yoki yana 8304 nafari 85%li to‘lov kontrakt asosida, qolgan 52% yoki 35984 nafari esa to‘liq (100%li) to‘lov konrakt asosida ta’lim oladilar. Natijada o‘n mingga yaqin talabaga kontrakt to‘lovini to‘lashda ikki barobargacha yengillik yaratiladi, qo‘lga kiritilgan ballga nisbatan rag‘batlantirish kuchayadi va nihoyat moliyachilar uchun eng muhim bo‘lgani, amaldagidan 215 shartli birlikga (taxminan 1,8 mlrd. so‘mga) ko‘proq, ya’ni jami 51761,6 shartli birlikdagi to‘lov-kontrakt miqdoridagi mablag‘ kelib tushadi. Shu orqali ortiqcha tushgan mablag‘ evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam tashkil etish ham mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, amaldagi tartibga ko‘ra 6 oy avval to‘langan to‘lov kontrakt hisobidan talabaga stipendiya to‘lab kelinadi. Bunda, agar to‘lov kontrakt miqdori to‘liq to‘lanmagan bo‘lsa, talabaga bir necha oylar davomida ham stipendiya to‘lanmay turiladi. Bunday tartibning mavjudligi, stipendiyaning talabaga ijtimoiy himoyasi uchun berilayotganini da’vo qiluvchilarning da’vosiga mutlaqo mos kelmaydi.

Ular talabaning xohishiga ko‘ra ta’til oylarida to‘liq, qolgan oylarda eng kam ish haqi miqdorida stipendiya to‘lashni joriy etishni taklif qilmoqda. Shunday qilib, EKIHning bir barobari miqdori talabaning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi, kontrakt miqdori esa 1,7−5,3 mln so‘mga arzonlashadi.

O‘zbekiston OTMlarida hech bir talabaga stipendiya umuman to‘lanmaydigan bo‘lsa, to‘lov-kontrakt miqdori 1,5−2 million so‘mdan ortmagan bo‘lar edi, deydi O‘zLiDeP vakillari.

«To‘g‘risini aytganda, to‘lov-kontraktlar miqdorining ortishi bizni xavotirga solmoqda, axir odamlar jabrlanadi. Bizning taklifimiz byudjetga zarar yetkazmaydi. Chorshanba kuni biz ularni yana Vazirlar Mahkamasiga va prezident devonining mutasaddi tuzilmalariga yubordik. 10−15 kun ichida javob olishimiz kerak. Takliflarga asoslangan rad javobi berilishi kerak. Biz mazkur masalani parlamentdagi eshituvlarda ko‘tarib chiqishda davom etamiz», — dedi Rasul Kusherbayev «Gazeta.uz"ga.