O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga qarshi ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha 24 kishiga ayblov e’lon qilindi, ularning 21 nafariga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida hibsga olish chorasi qo‘llanilgan. Bu haqda seshanba kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.

Bosh prokuratura Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur O‘rolovning qayd etishicha, ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Tergov jarayonida mansabga tayinlashda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yish, rahnamolik qilish va pora olish holatlari aniqlandi.

Bosh prokuratura vakili tergov sirini oshkor qilishga yo‘l qo‘ymaslik uchun jinoyat ishining qo‘shimcha tafsilotlarini ocha olmasligini tushuntirib o‘tdi.

Fevralda Bosh prokuratura Rashitjon Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210- (pora olish) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilgan edi.

Rashitjon Qodirov 2000—2015 yillarda bosh prokuror etib tayinlangan, so‘ngra Konstitutsion sud sudyasi lavozimiga saylangan edi (2015−2017).