Maktab direktorlarini kaltaklagan Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdiyev ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdi, deya ma’lum qildi tuman va viloyat ma’muriyati vakillari «Gazeta.uz"ga. U mazkur lavozimda 2016 yil oktyabridan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Sentyabrda internet tarmog‘ida hokimning mahalliy maktablar direktorlarini haqoratlab, kaltaklagani tasvirlangan videorolik e’lon qilindi. Ayni paytda prokuratura xizmat tekshiruvini olib bormoqda.

Sayxunobod tumaniga Mirzaobod tumanining sobiq hokimi Botir Mirzaqulov rahbar lavozimiga tasdiqlangan. O‘z navbatida Mirzaobod tumaniga Sirdaryo viloyati prokuraturasining qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilikning ijro etilishi ustidan nazorat bo‘limining sobiq boshlig‘i Hamidulla Abdullayev hokim bo‘ldi.