Xalq banki Toshkent shahar filiali tomonidan poytaxtdagi Oloy, Yunusobod, Qo‘yliq bozorlarida dushanba kundan pullarni naqdlashtirish mumkin bo‘lgan bankomatlar o‘rnatib chiqildi.

Bank matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, bitta karta orqali kuniga eng ko‘pi bilan 100 ming so‘mgacha pulni yechib olish mumkin.

Hozirda bankomatlar asosan bozor hududida joylashgani uchun ulardan faqatgina bozorlar ish vaqtida foydalanish mumkin.

Xalq bankidan ma’lum qilinishicha, kelajakda aholi gavjum joylarda shunday bankomatlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan va ular 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida Markaziy bank rahbariyati tez orada mamlakatda bankomatlar orqali naqd pul yechib olish uchun sharoitlar yaratilishi to‘g‘risida va’da qilgan edi.