Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni «2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatning rasmiy sharhida qayd etilishicha, O‘zbekistonda butun jahonda bo‘lgani singari, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik oshishi va aholining uzoq umr ko‘rishi bilan bog‘liq bo‘lgan onkologik kasalliklar o‘sishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon standartlari darajasigacha oshirishga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini talab etadi.

Ma’lumot: O‘zbekistonda Respublika onkologiya ilmiy markazi, 15 ta viloyat va shahar onkologiya dispanseri, tumanlar va shaharlarning markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari huzuridagi 232 ta onkolog xonalaridan iborat bo‘lgan onkologik yordam berishning yagona vertikal integratsiyalashtirilgan xizmati tashkil etilgan.

Qarorda asosiy maqsadi onkologik kasalliklar tufayli o‘limni pasaytirish hisobiga aholi hayoti sifatini yaxshilash va umrni uzaytirish hisoblangan onkologiya xizmatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan:

aholini skrining tekshirishlarning samarali dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘li bilan onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda faol aniqlashning zamonaviy usullarini joriy etish;

aholining onkologik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning jahon standartlari darajasiga muvofiq bo‘lgan zamonaviy yuqori texnologik usullaridan foydalanishini yaxshilash;

reabilitatsiya va palliativ yordamning zamonaviy tizimini, shuningdek, xospislar tashkil etish yo‘li bilan onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning hayoti sifatini yaxshilash;

onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning samarali usullarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar doirasini kengaytirish hamda zamonaviy mahalliy o‘smaga qarshi preparatlar yaratish;

respublika onkologiya muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, shuningdek, ularning binolari va xonalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va yangilarini qurish.

Qaror onkologik kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash sohasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona metodik vertikali shakllantirilishini nazarda tutadi. Ushbu vazifalarni hal etish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish, shuningdek, mintaqaviy onkologiya dispanserlarini uning filiallariga aylantirish nazarda tutilgan. Quyidagilar yangidan tashkil etiladigan markaz va uning filiallari faoliyatining ustuvor vazifalari etib belgilangan:

aholining onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordamga bo‘lgan talabini qondirish;

onkologiya sohasida aholiga yuqori malakali davolash-profilaktika yordami ko‘rsatgan holda onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish;

onkologiya sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan va zamonaviy onkologiyaning ilg‘or texnologiyalarini egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislar tayyorlash;

onkologiya sohasida, shu jumladan, zamonaviy tibbiyot fanining ilg‘or yutuqlaridan foydalangan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish.

Xavfli o‘smalarga barvaqt tashxis qo‘yishni yaxshilash va importning o‘rnini bosadigan mahalliy o‘smaga qarshi preparatlarni yaratish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Saraton profilaktikasi va Eksperimental onkologiya markazlari tashkil etiladi.

Onkologik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik faoliyatni ta’minlash va skrining tekshirishlar o‘tkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, shuningdek, saraton epidemiologiyasi va xavfli o‘smalar rivojlanishining molekulyar mexanizmi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mahalliy o‘smaga qarshi preparatlarni ishlab chiqish markazlarning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Rejalashtirilgan tadbirlar doirasida respublika onkologiya muassasalari saraton kasalliklarini endoskopik va radioterapevtik davolash bo‘yicha eng yangi apparatlar komplekslari bilan jihozlanadi, shu jumladan, respublikaga «Da Vinchi» robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi va gamma tig‘ singari noyob uskuna yetkazib beriladi.

Viloyat onkologiya muassasalari tuzilmasida palliativ yordam berish bo‘yicha bo‘limlar, shuningdek, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Urganch shaharlarida to‘rtta mintaqalararo xospislar tashkil etilishi respublika fuqarolarining hayoti sifati yaxshilanishiga prinsipial jihatdan muhim yondashuv bo‘ladi.

Respublikaning barcha hududida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini va Farg‘ona viloyatida tajriba loyihasini amalga oshirish doirasida qizilo‘ngach, me’da va kolorektal saratonni aniqlashga yo‘naltirilgan skrining tadqiqotlarini bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirishga, xavfli o‘smalarga barvaqt tashxis qo‘yishning molekulyar-biologik, genetik, endoskopik va nur usullarini onkologiya dispanserlari amaliyotiga joriy etishga muhim ahamiyat berilgan.

Onkologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash sohasida ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarning zamonaviy jahon tajribasini mahalliy amaliyotga joriy etish, vrachlarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishi maqsadida yetakchi onkologiya klinikalari bilan sheriklik munosabatlarini o‘rnatish yo‘li bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish qabul qilingan dasturning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Umuman olganda, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston aholisiga onkologik yordam berishni yanada rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishga mamlakat byudjeti mablag‘laridan 32,5 milliard so‘m hamda xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari va grantlari hisobiga 144,1 million AQSH dollarini yo‘naltirish nazarda tutilgan.

Mamlakat Prezidentining qarorida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi 100 ming aholiga onkologik kasalliklardan vafot etish ko‘rsatkichini 38,7 foizdan 35 foizgacha pasaytirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni o‘smaga qarshi preparatlar bilan ta’minlashni 33 foizdan 90 foizgacha ko‘paytirish, aholining davolashning yuqori texnologik turlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplashni 70 foizgacha yetkazish imkonini beradi.