O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Ostonada Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zA ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

«O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig‘idir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Qozog‘iston bizning strategik hamkorimiz, qo‘shnimiz va qardosh O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilaydi. Kelgusida ikki tomonlama shartnomalar doirasida sermahsul hamkorlik olib borilishidan umidvormiz. Ayni paytda davlatlararo sherikchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aylanmasi keskin o‘sdi, chegaralarimiz o‘tkazuvchanligi oshdi, mahsulotlarning yangi turlari yetkazib berilmoqda», — deya iqtibos keltiradi Nursulton Nazarboyev matbuot xizmati uning so‘zlaridan.

Keyingi besh oyda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sdi, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlandi. Ostonada birinchi marta O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ziyod tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilayotgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik 75 ta qo‘shma shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

«Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi», — dedi Qozog‘iston Prezidenti.