Qanday tashqi tahdidlar bo‘lmasin, xalq rozi qilinsa, O‘zbekiston ularga tayyor bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda. Uning nutqi shanba kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etildi.

“Jahonda nimalar bo‘layotganini siyosatdan uzoq odam ham ko‘rib, bilyapti. Men siyosatchi emas, degan odam ham shuni ko‘rib, tushunib yetyapti. Juda ko‘p masalalar bor — yechimi yo‘q. Xalqaro maydonda balans buzildi. Qonun-qoidalari mutlaqo o‘zgardi. Hatto do‘stim deb yurgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q bo‘ldi, desak, bu ham adolatli”, — dedi prezident.

Ertaga notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini hech kim bilmaydi, dedi u.

“Bu gaplarni sizlarga nima uchun aytyapman? Bu musaffo mustaqillikning qadriga yetyapmizmi, yo‘qmi? Tashqaridan tahlika, nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar biz odamlarimizni rozi qilsak, o‘sha tahdidga biz tayyor bo‘la olamiz. Mamlakatimizda tinchlik saqlash, odamlarimizni daromadli qilish, ularga munosib sharoit yaratish — buning uchun bizga barqaror va tez sur’atlarda o‘sadigan iqtisodiyot kerak. Yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari kerak. Eksport kerak bizga”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, u sanab o‘tgan jihatlar “fidoyilik va vatanparvarlik”ka asoslangan. “Eng katta narsa, ong o‘zgarishi kerak. Ong pirovardida ish o‘rni, odamlarni inontirish, davlat siyosatiga xizmat qilish bo‘ladi”, — dedi u.

“Baribir qildiraman. Qildiraman. Xudo menga sog‘lik berib, umr bersa, shunday kunlar keladiki, bizda kambag‘al, ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga, desangiz, bunga men yetti yil umrimni qo‘ydim, bunga tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim farovon yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari farovon bo‘lsin, baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, tibbiyoti ishlasin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin, deb ishga keldim men. O‘zbek xalqini kim o‘ylaydi, biz o‘ylamasak?” — dedi prezident.

“Gazeta.uz” Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi va quyosh elektr stansiyasi qurilishining boshlanishida ishtirok etgani, shuningdek, ADM Jizzakh avtomobil zavodi va boshqa obyektlar faoliyati bilan tanishganini yozgandi.