7-fevral kuni FIFA O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga “Bunyodkor”ni Rivaldodan 8,16 million yevro, Denilsondan esa 1,11 million dollar qarzni to‘lash majburiyati qayd etilgan qarorni yuborgandi.

Qarorga ko‘ra, “Bunyodkor” klubi FIFAning nizolarni hal qilish bo‘yicha Milliy palatasining (NDRC) 2017-yil 21-sentabrdagi qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topildi. Buni Sport arbitraj sudi (CAS) 2023-yil 6-noyabrda to‘liq tasdiqlagan.

O‘zbekiston professional futbol ligasi klub va futbolchilar 30-mart kuni yangi kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

“FIFA qaroriga ko‘ra, „Bunyodkor“ Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorlikni 2024-yilning 7-aprel sanasiga qadar bartaraf etishi kerak edi. Yangi kelishuvga ko‘ra to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar sezilarli ko‘rinishda kamaytirildi. Qo‘shimchasiga, kelishilgan summa Denilsonga 2026-yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanadigan bo‘ldi. Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028-yilga qadar har yili bir martadan amalga oshiriladigan bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq “Bunyodkor” direktori Murod Aliyev klub huquqshunoslari Rivaldo va Denilsonga qariyb 9,2 mln yevro to‘lash bo‘yicha FIFA qarorini yumshatish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. U ushbu qarzni to‘lash masalasini klub rahbariyati, ya’ni “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi hal qilishini aytgadi. Tribuna.uz ham o‘z manbasiga tayanib Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorliklar “O‘zbekneftgaz” tomonidan to‘lab berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008−2010-yillarda keyinchalik nomini “Bunyodkor”ga o‘zgartirgan “Quruvchi” klubida to‘p surgan va 61 uchrashuvda 37 ta gol kiritib, uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. U 1999-yilgi “Oltin to‘p” sohibi, FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi futbolchisi unvoni, ikki marta Ispaniya chempionati, Ispaniya kubogi va UEFA Superkubogi g‘olibi. Futbolchi faoliyati davomida “Deportivo”, “Barselona”, “Milan” va boshqa jamoalarda o‘ynagan.

Denilson 2010-yilda “Bunyodkor”ga kelgan va o‘sha mavsumda O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan, Oliy ligada 14 ta o‘yinda 4 ta, Osiyo chempionlar ligasida esa 6 ta o‘yinda 5 ta gol urgan.

“Quruvchi” klubi “Zeromax” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Neftegazmontaj” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.

Rivaldo dastlab “Bunyodkor” bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Uning bir yillik shartnomasi soliqdan tashqari 6 million yevro (5,3 million funt) va uning obrazidan foydalanish huquqi shartnomasi edi, bu unga boshqa daromadlarning 26 foizini berdi, ya’ni u birinchi yili atrofida 7,1 million funt sterling ishlab oldi.

Biroq, 2008-yilning yozida shartnoma imzolaganidan bir necha oy o‘tgach, u kelishuvni yana ikki yilga, 2011-yilning yozigacha uzaytirishga rozi bo‘ldi, shuningdek, maslahatchi vazifalarni ham bajardi.

Sporting Intelligence yozishicha, “birinchi yili hammasi yaxshi bo‘lib tuyuldi, “Bunyodkor”da aniq pul ko‘p edi”. Klub Zikoni (2008−2009), keyin esa Felipe Skolarini (2009−2010) murabbiylikka oldi, shuningdek, Samuel Eto`Oni 25 million dollar evaziga bir mavsumga o‘z safiga qo‘shishga taklif qildi, biroq u rad etdi. Shuningdek, klub “Barselona”ning taniqli ispan futbolchilari, jumladan, Andres Inesta, Karles Puyol va Sesk Fabregasga Toshkentga murabbiylik seminarlari va mahorat saboqlarida qatnashishlari uchun har biriga 1 million dollar to‘lagan.

Rivaldoning ikkinchi yili, 2009-yilning yozidan boshlab, futbolchilarga maosh to‘lash to‘xtatildi. “Unga jiddiy muammo yo‘q, faqat pul oqimi bilan bog‘liq muammo aytilgan va bu g‘ayrioddiy tuyulgan bo‘lsada, u xavotirga sabab yo‘q deb o‘ylagan”, — dedi uning advokati.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, maoshlar bir yil berilmagan, biroq klubga bir necha yosh braziliyalik va boshqa xodimlarni taklif qilgan Rivaldo “ularning farovonligi uchun mas’uliyatni his qilgan, shuning uchun u ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun qolgan va maoshlarini o‘z cho‘ntagidan to‘lagan”.

“Menda katta rejalar bor edi. Men klub dunyo futbol xaritasida ko‘rinib turishi uchun rivojlanishini istardim. Men “Bunyodkor”ning o‘yinini yaxshilashni, mashg‘ulotlar sifatini oshirishni va klubni yangi professional darajaga olib chiqishni xohlardim. Men “Bunyodkor”dan odamlarni “Chelsi”, “Inter” va “Milan”ga yubordim, shunda ular Yevropaning muvaffaqiyatli klubi nima ekanligini ichkaridan ko‘rishlari mumkin”, — deya afsusda bo‘ldi braziliyalik sportchi Sporting Intelligence nashriga bergan intervyusida.

2010-yil iyuliga kelib, Rivaldo sudga murojaat qilishga qaror qildi, xuddi shu vaqtda “Zeromax” bankrot bo‘ldi. Futbolchi yo‘qotishlarini 16 million yevroga baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu summaning kamida bir qismini to‘lashga harakatda.