O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasining mart oyi yakunlari bo‘yicha reytingida dunyoning eng kuchli to‘rt nafar shaxmatchisi qatoridan joy oldi.

fide, nodirbek abdusattorov, shaxmat

U 2765 Elo ochkosi bilan amaldagi jahon chempioni Din Lijen (2762) va boshqa mashhur shaxmatchilarni ortda qoldirib, 4-o‘rinni egallab turibdi. Undan oldinda faqat amerikalik Hikaru Nakamura (2789) va Fabiano Karuana (2803), shuningdek, ko‘p karra jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsen (2830) joylashgan.

U O‘zbekiston shaxmatchilari orasida rekord o‘rnatdi: bir yil avval u eng yuqori reytingga ega o‘zbekistonlik bo‘lgandi, endi esa kuchli to‘rtlikka kirdi. Bungacha faqat Rustam Qosimjonov 2715 ball bilan 11-o‘rinni egallagan.

O‘zbekistonlikning reytingini Germaniyaning shaxmat bo‘yicha jamoaviy chempionati (Bundesliga)dagi ishtiroki va superturnir — Praga xalqaro shaxmat festivalidagi (Prague International Chess Festival) g‘alabasi oshirdi.

Shaxmat murabbiyi Georgiy Shvanov “Gazeta.uz"da Nodirbek Abdusattorovning muvaffaqiyati va uni kutayotgan imkoniyatlar haqida yozgandi.