Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan kompaniya rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.

Tomonlar yo‘l qurilishi va rekonstruksiya qilish sohasidagi loyihalarni muhokama qildi.

CITIC Construction kompaniyasi Pungan-Namangan (prezident ushbu loyihani tasdiqlab bo‘lgan) va Toshkent-Chinoz yo‘llarini rekonstruksiya qilishda, shuningdek, zamonaviy yechimlardan foydalangan holda yangi pulli yo‘llar qurishda ishtirok etish istagini bildirgan.

Transport vazirligi rahbari, o‘z navbatida, mazkur yo‘llarni qisqa muddatda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qurish, shu bilan birga, qurilish xarajatlarini kamaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Kompaniya loyihalarni o‘rganayotganini va yaqin kunlarda loyiha takliflarini taqdim etishini bildirdi.

Prezident 2022-yil yanvar oyi boshida Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘lining 10 km uzunlikdagi qismini ta’mirlash loyihasini tasdiqlagandi. Uning boʻylab beshta yer osti oʻtish yoʻli va kirish yoʻllari qurish rejalashtirilgan edi.