Sent-Luis (Missuri shtati, AQSh) universiteti klinikasining ortopedik jarrohlik bo‘limi mudiri Jo‘ldas Murodovich Quljanovning ismi butun dunyoga ma’lumu mashhur. Uni bir necha bor AQShning eng yaxshi shifokori deya tan olishgan. U mahorat darslari va operatsiyalar o‘tkazish uchun O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga muntazam safar qiladi.

Jo‘ldas Quljanov Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. 1966-yili vayronkor zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatish uchun ko‘ngilli ravishda Toshkentga kelgan. Poytaxtda bir yarim yildan so‘ng u do‘stlari bilan o‘qishga Moskvaga ketmoqchi bo‘ladi, ammo Samarqandga kelgach, shu yerdagi tibbiyot institutiga hujjat topshiradi. O‘qishni tamomlagach, tez yordam va travmatologiya bo‘limlarida ishlaydi, uni Nikaraguaga harbiy shifokor sifatida yuboriladi. 1990-yillar boshida esa u AQShdan taklif oladi.

“Gazeta.uz” Jo‘ldas Quljanovdan Toshkentni zilziladan so‘ng qayta tiklash jarayoni bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashishni so‘radi.

Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz'ga taqdim etilgan.Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz"ga taqdim etilgan.

Men o‘shanda 18 yoshli yigit edim, Nukusda o‘qirdim. 1966-yil 26-aprelda Toshkentda kuchli zilzila bo‘ldi, bu voqeadan hamma dahshatga tushdi. Men do‘stim bilan birga Toshkentga borib, odamlarga yordam berishga qaror qildik. Biz komsomol tashkilotiga borib, bizni poytaxtga yuborishni so‘radik.

3-iyul kuni Toshkentga yetib keldik. Bizni Qizil maydon (hozirgi Mustaqillik maydoni)dan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, Anhor bo‘yidagi chodirlar shaharchasiga joylashtirishdi. Anhorbo‘yi tartibsiz, obodonlashtirilmagan edi.

Esimda, u yerda bizdan tashqari boshqa shahar va respublikalar — Rossiya, Ukraina, Gruziyadan kelgan ko‘plab ko‘ngillilar bor edi. Adashmayotgan bo‘lsam, ko‘ngillilarning o‘zi 100 ming kishidan ziyod edi. Ularning bari toshkentliklarga chin ko‘ngildan yordam berish va shaharni obod qilish niyatida kelgan edi.

Afsuski, hozir odamlar o‘sha ko‘ngillilar haqida unutib, ularga qarshi chiqib, hatto “bosqinchilar” deb atashgacha bormoqda. Bu narsa meni juda ranjitadi. U vaqtlarda hech kim o‘zini o‘zbek, gruzin yo rus deb aytmasdi, biz hammamiz bir xil aka-ukalar va opa-singillar edik.

Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz'ga taqdim etilgan.Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz"ga taqdim etilgan.

Chodirlar shaharchasidagi sharoitlar juda oddiy edi. 50 tacha chodir bor edi, har birida taxminan olti kishidan yashardik. Chodir ichida tumbochkali karavotlar bor edi. Biz yosh edik, sharoitga qarab o‘tirmasdik, nolimasdik ham. Bizga shu hayotning o‘zi qiziq edi, biz odamlarga yordam berayotganimizdan mamnun edik. Zilzila sabab uylaridan ayrilgan odamlar ham xuddi shunday chodirlarda yashardi.

Chodirlar shaharchasida oshpaz yo‘q edi. Biz mahsulotlarni sotib olib, ba’zida o‘zimiz ovqat tayyorlardik, ba’zida yaqin-oradagi oshxonalarga borardik. Ishdagi tushlik vaqtida ham hech kim bizga ovqat bermasdi. Hamma o‘zi bilan nima topolsa olib kelardi. Kimdir o‘zi bilan kefir, kimdir — bulochka yo selyodka olib kelardi, boshqa birov esa qurilish oldidagi oshxonaga o‘tib, lag‘mon yo boshqa narsa yerdi. Odatda oshxonada hamma narsa topilardi.

Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz'ga taqdim etilgan.Fotosurat O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan “Gazeta.uz"ga taqdim etilgan.

Chodirlarda noyabrgacha yashadik, keyin sovuq tushdi. Ertalab uyg‘onganimda, ustimdagi adyolga qirov tushgan bo‘lardi. Keyinroq bizni yotoqxonaga joylashtirishdi. U yerda ham o‘zimiz ovqat tayyorlardik.

Ertalab turib, tramvayda ishga otlanardik, yo‘lga 45−60 daqiqa vaqt ketardi. Ishdan so‘ng yotoqxonaga qaytardik.

Dam olish kunlari — shanba va yakshanba — dam olardik. Kinoga yoki biror yoqqa sayrga borardik, ammo men vaqtimni ko‘pam behuda ketkazmaslikka harakat qilardik, chunki o‘qishim kerak edi.

Do‘stim bilan birga turli binolar qurilishida ishlaganmiz. Qayerga yuborishsa, o‘sha yerda ishlardik. “Silkinyapmiz, ammo taslim bo‘lmaymiz” edi bizning shiorimiz o‘sha vaqtlarda. Biz temiryo‘l instituti yaqinida, aeroportdan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi ko‘p qavatli uylar qurilishida qatnashganmiz. Hamma tirishqoqlik bilan va sidqidildan ishlardi. Toshkentliklara boshqa shahar va respublikalardan kelgan quruvchilarga juda hurmat bilan munosabatda bo‘lardi.

Chodirlar butun Toshkent bo‘ylab tarqalib ketgan, hech kim hech narsani qo‘riqlamas, hamma tinchgina, bexavotir yashardi. Xalq asabiy emasdi, odamlar bir-biri bilan birodarlarcha muomalada bo‘lardi. Har joyda bo‘lganidek mayda maishiy kelishmovchiliklar chiqib turadi, ammo jiddiy nizolar bo‘lmagan. Toshkent har doim ochiq shahar bo‘lgan. Urush vaqtida ham odamlar yetim-yesirlarni o‘z oilasiga qabul qilgan.

Bir yarim yil ishlagach, men o‘qishga ketdim. U vaqtlarda mobil telefonlar yo‘q edi, shuning uchun, afsuski, o‘sha davrga mansub suratlarim ham saqlanib qolmagan. Oradan ozmuncha vaqt o‘tib ketdimi axir. Do‘st-tanishlar bilan aloqalar ham saqlanib qolmagan — aytganimdek, 60 yilcha bo‘lib qoldi-ku.


Yaqin kunlarda “Gazeta.uz” Jo‘ldas Quljanov bilan bo‘lib o‘tgan katta intervyuni e’lon qiladi. Unda doktor o‘z hayoti va faoliyati haqida hikoya qilgan, shuningdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

Saytimizda Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan boshqa bir material ham e’lon qilindi — unda Toshkent xalq kutubxonasi xodimlari qanday qilib nodir kitoblar, qulyozmalar, notalar va bosma nashrlarni vayronalar ostidan olib chiqib, saqlab qolgani haqida so‘z boradi.