Paynet to‘lov xizmatini boshqaruvchi Uzpaynet kompaniyasi ta’sischisini o‘zgartirdi, bunga Bankers.uz nashri e’tibor qaratdi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga (KTYADR) ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) balansidagi 100 foiz ulush New Industrial Technologies`ga o‘tkazilgan. Kompaniya egasi o‘zgarishi haqida noyabr oyida ma’lumotlar paydo bo‘lganiga qaramay, Davaktiv ulush sotilgani bo‘yicha rasman xabar bermagan. “Gazeta.uz” masala yuzasidan agentlikka so‘rov yubordi.

New Industrial Technologies MCHJ 2019-yil aprel oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, 273,56 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega. Kompaniyaning 60 foiz ulushi chet el fuqarosi hisoblangan Aleks Liga tegishli (iyun oyida u yagona ta’sischi bo‘lgan). 40 foiz ulush Mustafa Abdurahmonovga tegishli bo‘lib, u ayni vaqtda Asia Alliance Bank`ning majoritar aksiyadori sanalgan Asia Alliance Group`ning ham 77,6 foiz ulushiga egalik qiladi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, Paynet xizmati 2005-yilda Botir Arifjonov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik tadbirkor korxonani davlat vakili sifatidagi Xalq bankiga sotib, uning boshqaruvini tark etgan.

Platforma orqali 390 dan ortiq xizmat ko‘rsatuvchilarga, jumladan, uy-joy kommunal xizmatlari, internet va mobil aloqa xizmatlari uchun to‘lovlar qabul qilinadi. 2022-yil holatiga ko‘ra Paynet`dan kuniga 1,3 milliondan ortiq kishi foydalangan.

2022-yil avgust oyida Davaktiv Uzpaynet`ning 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi. Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushdi, biroq takliflarni qabul qilish “qo‘shimcha aniqlashtirishlar” vaji bilan keyinga qoldirildi.

“Gazeta.uz” avvalroq “O‘zbekneftgaz”ning yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodining anonslarsiz xususiylashtirilgani haqida xabar bergandi. Perfectum uyali aloqa operatorining davlat ulushi ham ommaga e’lon qilinmasdan xususiy egasi qo‘liga o‘tkazilgandi.