O‘zbekistonda “Afrosiyob” elektropoyezdlari uchun chiptalar narxi oshiriladi, deya xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

“Ma’lumki, temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr-energiya, yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish maqsadida 2024-yil 15-maydan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chiptalar narxlari ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass vagonlari uchun 40 foizga oshadi.

Yangi narxlar quyidagi ko‘rinish olmoqda:

Toshkent — Buxoro (narxlar faqat bir tomon uchun)

VIP 890 ming so‘m (hozir — 636 ming so‘m)

Biznes 600 ming so‘m (462 ming so‘m)

Ekonom 403 ming so‘m (336 ming so‘m)

Toshkent — Qarshi

VIP 747 ming so‘m (534 ming so‘m)

Biznes 507 ming so‘m (390 ming so‘m)

Ekonom 338 ming so‘m (282 ming so‘m)

Toshkent — Samarqand

VIP 554 ming so‘m (396 ming so‘m)

Biznes 358 ming so‘m (276 ming so‘m)

Ekonom 244 ming so‘m (204 ming so‘m).

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniya o‘z xabarida prezident 2023-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” elektropoyezdlarida yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechish, shuningdek, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tish amalga oshirilganini eslatgan.

Bundan avval kompaniya 20-yanvardan boshlab “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxini 20 foizga oshirgandi.

O‘shanda kompaniya ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idoralararo tarif komissiyasi qaroriga muvofiq, temiryo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr energiyasi — yonilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash maqsadida qabul qilinganini ta’kidlagan. Shuningdek, yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini davr talablariga muvofiq saqlash maqsadi ham borligini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, 1-noyabrda ham mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tarilgandi. Unda, xususan, yo‘lovchi poyezdlarida narxlarning tarif qismi 44 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlariniki esa 60 foizga oshirilgandi.