Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida 200 ga yaqin xonadon yashaydigan “Yangihayot” mahallasi bor. O‘zbekistonning aksariyat chekka hududlari aholisi kabi, yangihayotliklar ham bittagina transformatorni qo‘shni — Bandixon tumanining “Obikor” mahallasi bilan birga bo‘lishib ishlatardi. Uskuna bor-yo‘g‘i 100 ta uy xo‘jaligini elektr energiyasi bilan ta’minlay olardi, xolos. Oqibatda Qumqo‘rg‘on tumanining 100 ta xonadoni va chegaradosh mahallaning yana 200 ta hovlisi elektrni uzuq-yuluq olsa olardi, bo‘lmasa yo‘q.

Foto: Oybek Usanov.Foto: Oybek Usanov.

Shunday hayot tarzi 2020-yilgacha tabiiy bir hol edi. Pandemiya eng avjiga chiqqan vaqtda Termiz davlat universitetining arxitektura fakultetida o‘qiydigan yangihayotlik Oybek Usanov qo‘shnilariga “Tashabbusli budjet”da qatnashib, omadni sinab, hamma uchun yangi transformator o‘rnatish taklif qildi. U bu loyiha haqida Xushnudbek Xudoyberdiyevning blogidan xabar topgandi.

“Nima taklif qilishni uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q. Yaxshilab hisob-kitob qilmagan bo‘lsam-da, 100 mln so‘m kerak, deb ko‘rsatdim. Lekin shu pul yetarli bo‘ldi”, — deya eslaydi yosh arxitektor.

Oybek Usanov. Foto: Instagram.Oybek Usanov. Foto: Instagram.

Nega aynan transformator? Oybekning aytishicha, elektrsiz “Yangihayot” ahli o‘zini xuddi dunyodan uzilib qolgandek his qilgan. Ayniqsa, kirish imtihonlariga qorong‘ida va internetsiz tayyorlanadigan abituriyentlar bu muammoni o‘z tanida juda kuchli his qilardi.

“Ochiq budjet” qoidalariga ko‘ra, fuqarolar kichik mahalliy (lokal) muammolarni hal qilish uchun loyihalar taklif qilishi mumkin. Aholi ko‘pincha yo‘llarning yomonligini, ta’lim va tibbiyot muassasalarining ta’mirtalab holga kelib qolganini, muhandislik infratuzilmalarining yetishmasligini ko‘rsatadi. Eng ko‘p ovoz olgan loyihalar g‘olib chiqadi.

Birinchi yili “Tashabbusli budjet” ko‘p ham ommalashmadi: fuqarolar budjet pullari taqsimotida o‘zlari ham qatnasha olishlariga va umuman davlat soliq to‘lovchilar haqida qayg‘urishiga ko‘p ham ishonmadi.

“Odamlar O‘zbekistonda bunday bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylayotgandi”, — deb eslaydi Oybek Usanov.

Karantin cheklovlari sabab yigit ovoz to‘plash uchun ko‘chaga chiqa olmagan. Shu bois u telefon orqali qarindoshlaridan yordam so‘ragan. Ularga “Tashabbusli budjet” nimaligi, unda yangihayotliklar qanday loyiha bilan qatnashayotgani, ovoz qanday berilishini erinmay tushuntirgan. Aholining ishonch darajasini mahallaning birinchi yili g‘olib chiqishiga imkon bergan ovozlar sonidan ham ko‘rish mumkin: mahalla atigi 32 ta ovoz evaziga transformatorli bo‘lgan.

open budget, tashabbusli budjet, fuqarolik jamiyati

“G‘alaba qozonganimdan keyin ham ko‘pchilik ishonmadi. Odamlar haqiqiy natijani — o‘z uyida elektr ta’minoti uzluksiz bo‘lib qolganini ko‘rganidan keyin Open Budget’ga ishonch oshib ketdi”, — deya hikoya qiladi Oybek Usanov.

Ishonch bilan raqobat ham o‘sdi. Bugun o‘zbekistonliklar “Tashabbusli budjet” uchun o‘n minglab loyihalarni kiritmoqda. Taqqoslash uchun, 2019-yili fuqarolar 28,7 mingta loyihani ilgari surgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 69,7 mingtaga yetdi.

Odamlar orasidagi ovozadan tashqari davlat organlarining ishi ham ushbu loyihaga bo‘lgan qiziqishning oshishiga xizmat qildi. Masalan, Surxondaryo viloyat Moliya boshqarmasi talabalar, xususan, Termiz davlat universiteti orqali “Tashabbusli budjet”ga yangi auditoriyani jalb etishga qaror qildi. Open Budget’ning ikkinchi mavsumida qatnashayotgan talabalarga (ular orasida Oybek Usanov ham bor edi) sovg‘alar va’da qilindi.

Yangihayotliklarning muvaffaqiyati bandixonlik qo‘shnilarni ham Oybek Usanovdan “tashabbusli budjet” sir-asrorlarini o‘rganishga undadi. Ikkala mahalla ham o‘z hududidan o‘tgan markaziy ko‘chaning yo‘l qoplamasini yangilash bo‘yicha loyiha bilan chiqdi. “Yangihayot”dagi loyiha qiymati 1,2 mlrd so‘mga baholangan edi, deya xotirlaydi Oybek Usanov.

Foto: Oybek Usanov.Foto: Oybek Usanov.

“Raqobat juda kuchli bo‘ldi. Tuni bilan gaz-zapravkalarda yurib, ovoz to‘plashga to‘g‘ri keldi. Kunduzi o‘qib, kechasi haydovchi va yo‘lovchilarni loyihamiz uchun ovoz berishga ko‘ndirishga urinardik. Har bir mashinada to‘rt-besh kishi borligini hisobga oling-da. 20 kun shunday tinim bilmadik”, — deydi Oybek Usanov.

Yo‘lovchilarni ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Ko‘pchilik SMS-xabar ichida kelgan kodni nima qilish kerakligini tushunmas, bu xabar qandaydir moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq bo‘lsa-chi, kod kiritilgach, bank kartamdagi pullarni o‘g‘irlab, yechib olishsa-chi, deb xavotirlanganlar ko‘p edi.

“Ba’zilar o‘z mahallasidagi loyihasiga ovoz berishni ma’qul ko‘rardi — odamlar asta-sekin Open Budget haqida xabar topa boshlagandi. Ba’zilar telefonda qanday ishlashni bilmasdi. Hozir odamlar ovoz uchun gazli suv, yog‘ yoki pul taklif qilyapti. Bunaqa ishlar xayolimizga ham kelmagandi, — deya tan oladi Oybek Usanov. — Biz odamlarni o‘z asoslarimizni keltirib ko‘ndirishga harakat qilardik. Balki shuning uchun bizga qiyinroq bo‘lgandir, chunki ovoz bergan odam evaziga hech narsa olmasdi”.

Oybek Usanov 3898 ta ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan — Qumqo‘rg‘on tumanida faqat bitta mahalla bundan-da ko‘proq ovoz yiqqan, xolos. G‘olib mahallalar nomi rasman e’lon qilingan tantanali marosim Toshkentda bo‘lib o‘tgan. Shaxsan moliya vazirining o‘zi g‘oliblarni qutlagan. Loyihadagi faol ishtiroki uchun Oybek Usanovga planshet sovg‘a qilingan.

Oldinda yangihayotliklarni markaziy ko‘chaning tekislanishini uzoq kutishdek og‘ir azob kutardi. Mavsum finalchilari ularning g‘olib chiqqan loyihalari hayotga tatbiq etilishini bir necha oylab kutishga majbur. Bu mablag‘ taqsimoti mexanizmi va xaridlar jarayoni bilan bog‘liq. Mahalla g‘olib bo‘lgani haqida aprelda xabar topgan bo‘lsa ham, pul yoz o‘rtalaridagina hisobga tushgan. Bu vaqt ichida odamlarning “Tashabbusli budjet” va Oybek Usanovga bo‘lgan ishonchiga darz ketishiga bir bahya qolgan.

open budget, tashabbusli budjet, fuqarolik jamiyati

“Ko‘pchilik oldimga kelib, „Yo‘l bo‘larkanmi, yo‘qmi?“, „Nega asfalt qilmayapti?“, deb so‘rardi. Do‘stlarim shuncha kuch va vaqtini besamar ketkazganidan norozi edi. Men Moliya vazirligiga qo‘ng‘iroq qilib, pul qachon tushishini so‘radim. Ahvol shu darajaga yetdiki, oxiri o‘zim ham pulning tushishiga shubha qilib qoldim”, — deya o‘z hislarini bayon qiladi u.

Pul tushgach, mahalla ahli qurilish ishlarini qat’iy nazorat qilib bordi. Oybek Usanovning aytishicha, yangihayotliklar ijrochidan asfaltni sifatli qilib yotqizishni talab qilgan.

“Biz oldindan shart qo‘ygandik: qilsang sifatli qilasan, bo‘lmasa umuman qilmaysan”, — deya eslaydi Usanov.

open budget, tashabbusli budjet, fuqarolik jamiyati

Ish bitgach, mahalla yangi yo‘lda yuk mashinalaridan foydalanmaslikka kelishib olgan.

“Asfalt hozir ham a’lo darajada. Oqsoqollarimiz yuk mashinalarini ortga qaytarib yuborganini o‘zim bir necha bor ko‘rdim”, — deya qo‘shimcha qildi Oybek.

2022-yilgi ovoz to‘plash jarayonida Oybek qatnashmadi. Avvalgi yillar muvaffaqiyati yangihayotliklarni loyihalarni mustaqil taklif qilish va ularning g‘olib chiqishi uchun kurashishga rag‘batlantirdi. Bu safar mahalla ahli ko‘p yillik ichimlik suvi muammosini hal qilish uchun qo‘shni “Obikor” mahallasi bilan birga bahamjihat harakat qilishga qaror berdi. Qishloqlar paydo bo‘lganidan beri suv uchun irmoqqa qatnardi. Vaqt o‘tishi bilan nasosli quduqlar paydo bo‘ldi, lekin suvni baribir chelakda tashish kerak edi. Qoida tariqasida, bu ish bilan shug‘ullanish xotin-qizlar va bolalar zimmasida edi.

Illyustrativ surat. Foto: Dilruh IsomiddinovaIllyustrativ surat. Foto: Dilruh Isomiddinova

budjet pullarini qo‘lga kiritish uchun kurashda yangihayotliklar va obikorliklar boshqalardan namuna oldi. Ular yog‘ va gazli suvlar sotib olish uchun o‘rtaga pul tashlashdi, Toshkentdan ovoz yig‘ib berishi uchun talabalarni yollashdi. Natijada har ikkala mahalladagi har bir xonadonga ichimlik suvi kirib bordi.

Ovoz evaziga mukofotni loyihalarni ishtirokchilarning o‘zi tomonidan birgalikda moliyalashtirilishi sifatida ko‘rish ham mumkin, bu esa fuqarolarning hal etilayotgan muammolarga daxldorlik hissini oshiradi, deb yozgandi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sobiq rahbari Matilda Dimovska “Gazeta.uz” yozgan maqolasida. Qayd etish joiz, ishning boshida — 2019-yili, BMT Taraqqiyot dasturi “Tashabbusli budjet” metodologiyasi va modelini tanlashda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak ko‘rsatgan edi.

2020-yildan buyon Open Budget siyosati o‘zgarib, tadrijiy rivojlanib bormoqda. Loyiha avvalida ishlagan ayrim usullar takomillashtirilyapti, umrini yashab bo‘lgan boshqalari esa asta-sekin foydalanishdan chiqmoqda.

Masalan, 2024-yildan “Bir fuqaro — bir ovoz” tamoyili joriy etildi. Bu, bir fuqaro, uning nomida bir necha SIM-karta bo‘lsa ham, bir mavsumda faqat bir marta ovoz bera olishini anglatadi. Mazkur chora bir dunyo SIM-karta sotib olib, loyihasining g‘oliblik imkoniyatini oshirishga uringanlarning xatti-harakatlariga bir javob bo‘ldi.

2022-yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva 2 ming kishi yashaydigan mahalla 10 mingta ovoz to‘plaganiga ishora qilib, bunday ko‘rinishda ovoz to‘plashni sun’iy deb atagandi.

Bunga javoban iqtisodchi Otabek Bakirov “Tashabbusli budjet” odamlarda saylov kampaniyalarini olib borish ko‘nikmasini shakllantirayotgani va ovoz qadri oshib borayotganini ta’kidlagan edi.

“2021-yili hisobga 3 ming so‘m tashlab berishardi. Hozir bu narsa yo‘q. Kelasi yili odamlar ovozini bitta „kola“ evaziga sotishga rozi bo‘lmaydi”, — degandi u.

open budget, tashabbusli budjet, fuqarolik jamiyati

Bundan tashqari, “Bir fuqaro — bir ovoz” tamoyili turli ko‘rinishdagi ovoz to‘plashga majburlovlar oldini ham oladi. Masalan, 2023-yili Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birining direktori SIM-kartalar sotib olish uchun o‘quvchilardan 10−20 ming so‘mdan pul yig‘gani ma’lum bo‘lgandi. Navoiy viloyatidagi maktab direktori esa o‘qituvchilardan loyiha uchun 100 tadan ovoz to‘plashni talab qilgandi.

“Bir fuqaro — bir ovoz” taomyili bitta pasportga bir necha SIM-karta rasmiylashtirilgan oilalarga ham ta’sir qiladi. Bundan buyon oilaning har bir a’zosi o‘zining shaxsni tasdiqlovchi hujjatiga rasmiylashtirilgan alohida telefon raqamiga ega bo‘lishi kerak. Bu holat ovozlar poygasiga qanday ta’sir qiladi — hali ko‘ramiz.

Oybek Usanov “Tashabbusli budjet” siyosatidagi o‘zgarishlarga ijobiy munosabatda. Ushbu o‘zgarishlar ovoz yig‘ish jarayonini takomillashtirishiga, poygani yanada shaffof qilishiga va o‘zbekistonliklarni turmush sharoitlarini yaxshilash yo‘lida birlashishga rag‘batlantirishiga uning ishonchi komil. Fuqarolar, “Yangihayot” va “Obikor” mahallalarida ichimlik suvi uchun bo‘lganidek, umumiy loyihaning g‘olib chiqishi uchungina birlashmaydi.

Turli qishloq va mahallalar aholisi bamaslahat uyusharkan, kimning loyihasi aynan hozir ustuvorrog‘i, kimniki kelasi mavsumni ham kutib tura oladi — shuni ham muhokama qiladi. O‘zaro kelishib bir loyiha uchun ovoz berarkan, fuqarolar nafaqat g‘oliblik uchun imkoniyatni oshiradi, balki yon berishni, sabr bilan, ammo kelasi mavsum bugun yordam olayotgan qo‘shnilar xuddi shunday qo‘llab-quvvatlov bilan javob qaytarishiga ishonishni o‘rganadi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda mavsumma-mavsum fuqarolik jamiyati ham qurilib qoladi.