Shavkat Mirziyoyev juma kuni mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotni sport vaziri Adham Ikramov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovlar olib bordi. Unda prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bekzot Mavlonov ham ishtirok etdi.

Chapdan o‘ngga: Ravshan Ermatov, Adham Ikramov va Bekzot Mavlonov.Chapdan o‘ngga: Ravshan Ermatov, Adham Ikramov va Bekzot Mavlonov.

Davlat rahbariga mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirishga oid rejalar taqdim etildi. Hisobotda futbol mamlakatdagi eng ommabop sport turi sifatida qayd etilgan.

Rejalarni mahallalarda amalga oshirish uchun “mavjud stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan samarali foydalaniladi. Ular yo‘q joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday inshootlar quriladi”, deyiladi xabarda.

“Erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari o‘rtasida mahalla terma jamoalari tuziladi. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, professional futbol muassasalariga yo‘naltiriladi”, — ta’kidlanadi xabarda.

Bu borada mahalladagi yoshlar yetakchilariga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari va sport maktablari ko‘maklashadi.

Ravshan Ermatov.Ravshan Ermatov.

Joriy yildan boshlab Angliya maktab futbol assotsiatsiyasi tajribasidan kelib chiqib, 8−11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida maktab futboli yetakchisini tanlab olish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 12−15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida ikki bosqichli “Mahalla ligasi” hamda 16−30 yosh toifasi o‘rtasida uch bosqichli Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari tashkil etiladi.

“Bular mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev mazkur takliflarni ma’qullab, yoshlar o‘rtasida sport va do‘stlik muhitini mustahkamlash, musobaqalarni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Fevral oyida “Gazeta.uz” yana poytaxtning Yunus Rajabiy mahallasi aholisining futbol maydoni va yashil hudud o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan ma’muriy binoga qarshi uzoq davom etgan kurashi haqida yozgan edi. Toshkent futbol assotsiatsiyasi bolalar mashg‘ulot o‘tkazadigan joyni saqlab qolish tarafdori edi. Materialimizdan maydon himoyasiga O‘zXDP ham chiqqan.

Keyinroq “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bolalar futbol maydonchasi o‘rnida turar-joy binosi qurilishi boshlangani haqidagi nukusliklar murojaatini e’lon qilgan edik.

2021-yilda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida ishlab chiqarish sexi qurish uchun futbol maydoni berilgani haqida ham yozgan edik.