26-aprel kuni Toshkent shahri hokimligida o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng jurnalistlar poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovga shaharsozlik va ekologiyaga oid qator savollar bilan murojaat qildi.

Hokim “Gazeta.uz” muxbirining “Toshkent ekologiyasi sizni xavotirga soladimi?” degan savolga javob berarkan, poytaxtdagi ekologik vaziyatdan xavotirda ekanini ta’kidladi.

“Xavotirga solgani uchun 75 gektar maydonda istirohat bog‘lari tashkil qildik, hozir yana 25 gektarda yashil hududlar barpo etyapmiz. Hozir har bir quruvchiga har 50 kvadrat metrga bitta daraxt va ikkita buta ekishini majbur qilib qo‘ydim. [Daraxtlarning] qalinligi ham, balandligi ham, navi ham inobatga olingan”, — dedi hokim.

U OAV bilan muloqotda, shuningdek, Qodiriy va Do‘stlik bog‘larining ijaraga berilishini izohladi va bog‘larga davlat menejer bo‘lmasligi kerakligini aytdi. “Butun dunyoda shunaqa. Yashil hududning kvadrat metrini saqlash 20−50 dollar turadi — bu davlat budjeti uchun katta yuk”, — dedi hokim.

Avvalroq “Adolat” partiyasi hokimlikni bog‘larni ijaraga berish kabi muhim qarorlarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik fikrini o‘rganib, inobatga olishga chaqirgan edi. Maqola “Parklar xalqniki bo‘lishi kerak!” deb nomlangan. O‘zbekiston Ekologik partiyasi hokimlikka so‘rov yuborish rejasini ma’lum qilgandi.