“Bunyodkor” futbol klubi direktori Murod Aliyev jurnalistlarning 2010-yillar oxirida jamoada o‘ynagan braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilson oldidagi qarzi bo‘yicha savollariga javob berdi, deb yozmoqda “Championat.Asia”.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubiga braziliyalik futbolchilarga qariyb 9,2 mln yevro (taxminan 124 mlrd so‘m) to‘lash majburiyatini yuklagandi. “Gazeta.uz” tomonlar o‘rtasida 2010-yildan beri davom etayotgan moliyaviy nizo haqida batafsil ma’lumot bergan.

“Biz Rivaldoning huquqshunoslari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu masalaga oydinlik kiritamiz. Ha, [FIFA] qarori chiqdi, biz bundan xabardormiz. Biz vaziyatni yumshatadigan va klubga zarar yetkazmaydigan kelishuvga erishishga harakat qilyapmiz. O‘shanda vaziyat qanday bo‘lganini bilish uchun Zeromax rahbariyati bilan ham bog‘landik. Umid qilamanki, yaqin orada „Bunyodkor“ uchun to‘g‘ri va yaxshi xabarlar bo‘ladi”, — dedi Murod Aliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qarzni to‘lash masalasini klub rahbariyati, ya’ni “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi hal qiladi. Huquqshunoslar braziliyalik futbolchilarga to‘lanadigan to‘lov miqdorini kamaytirish ustida ishlamoqda. “O‘shanda „Bunyodkor“ bilan emas, Zeromax kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan edi… Lekin „Bunyodkor“ bilan qo‘shimcha kelishuv bor edi, Rivaldoning huquqshunoslari shu punkt ustida turibdi”, — dedi klub direktori.

Murod Aliyev klub manfaatlarini shu paytgacha rossiyalik yurist himoya qilganini aytdi. Shuningdek, u jurnalistning “Bunyodkor” advokatlari FIFA qarori ustidan apellyatsiya berish muddatini o‘tkazib yuborgani haqidagi so‘zlarini rad etdi.

Jamoa vakilining aytishicha, 9,2 mln yevrolik qarz miqdori klubning 2−3 yillik budjetini tashkil qiladi.

Keyinchalik nomi “Bunyodkor”ga o‘zgartirilgan “Quruvchi” klubi 2010-yilda bankrot bo‘lgan Zeromax holdingi tarkibiga kiruvchi “Neftgazmontaj” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.

Rivaldo dastlab “Bunyodkor” bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Uning bir yillik shartnomasi qiymati soliqlardan keyin 6 mln yevroni (5,3 mln funt) tashkil qilgan va futbolchida uning obrazidan foydalanish huquqi bo‘yicha ham shartnomasi mavjud bo‘lgan, bu unga ba’zi boshqa daromadlardan 26 foizlik ulush olishni ta’minlagan, ya’ni futbolchi birinchi yili 7,1 mln funt sterling ishlab olgan.

Shartnoma imzolaganidan bir necha oy o‘tgach, 2008-yilning yozida u kelishuvni yana ikki yilga — 2011-yilning yozigacha uzaytirishga rozi bo‘lgan, shuningdek, maslahatchi vazifasini ham bajara boshlagan.

Ikkinchi yili — 2009-yilning yozidan boshlab futbolchiga maosh to‘lanmay qo‘ygan. “Unga jiddiy muammo yo‘qligi, faqat pul oqimi bilan bog‘liq muammo borligi aytilgan va bu g‘ayrioddiy tuyulgan bo‘lsa-da, u o‘sha paytda xavotirga sabab yo‘q deb o‘ylagan”, — dedi uning advokati.

2010-yil iyuliga kelib, Rivaldo sudga murojaat qilishga qaror qildi, deyarli shu vaqtda Zeromax bankrot bo‘ldi. Futbolchi o‘zining yo‘qotishlarini 16 mln yevroga baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi ushbu summaning hech bo‘lmaganda ma’lum bir qismi to‘lanishiga erishmoqchi.