Dam olish kunlari yog‘ingarchiliksiz o‘tishi va harorat pasayishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Juma kuni kunduzi respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, Toshkent viloyatida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Bunday holat ertaga — 27-aprel kuni ham saqlanib turadi. Kunning ikkinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ushbu kunlarda harorat foni pasayadi.

Juma kuni kunduzi havo harorati asosan +22…+27, shanba kuni +20…+25, yakshanba kuni esa +18…+23 daraja bo‘ladi. Havo harorati kechalari pasayadi, yakshanba kuniga kelib +8…+13 darajagacha pasayadi.

26-aprelda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 27−28-aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

26−28-aprelda tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland tog‘larda 2000 m dan yuqorida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, juma va shanba kunining ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat bugun va ertaga kunduzi +21…+24, yakshanba kuni +18−+20 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat kechalari +8…+10 darajagacha pasayadi.