29−30-noyabr kunlari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid OʼSallivan “O‘zbekiston rasmiylari bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuziga javoban YeI sanksiyalari yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish” maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. “Gazeta.uz” uchun bergan eksklyuziv intervyusida YeI maxsus vakili joriy etilgan sanksiyalarning maqsadlari va ularning Rossiya iqtisodiyoti uchun oqibatlari, O‘zbekiston sanksiyalar rejimiga rioya qilishning qanday uddasidan chiqayotgani va mamlakat uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Video (ingliz tilida)

— O‘zbekistonga tashrifingiz dasturi haqida gapirib bersangiz, qanday uchrashuvlar rejalashtirilgan edi va qanday natijalar kutmoqdasiz?

— Hozir O‘zbekistonga ilk tashrifim — aprel oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning — davomi sifatida, O‘zbekiston hukumati bilan Rossiyaning Ukrainadagi asossiz tajovuzkorligi va keng ko‘lamli bosqinchiligiga javoban YeI va xalqaro koalitsiya tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida tashrif buyurdim.

дэвид оʼсаллиvaн, еи maxsus vakili, sanksiyalar

Biz O‘zbekistonning suverenitetini, O‘zbekiston bu mojaroda tarafkashlik qilishni, kimningdir tarafida bo‘lishni yoki xalqaro koalitsiya tomonidan qabul qilingan sanksiyalarni qabul qilishni istamasligini to‘liq tushunamiz va hurmat qilamiz. Biroq, O‘zbekistondan sanksiyalarimizni chetlab o‘tish yoki ulardan qochish maqsadida platforma sifatida foydalanilishi mumkinligidan xavotirdamiz. O‘zbekiston rasmiylari buni istamasligini ochiq-oydin ma’lum qilgan. Munozaralarimizning mazmuni shundan iborat.

Aprel oyida yaxshi muzokaralar olib bordik. Bugun AQSh va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan hamkasblarim bilan ushbu munozaralarni davom ettirish va yuzaga kelgan ayrim masalalarni hal etish yuzasidan O‘zbekiston rasmiylari bilan muhokamalarimizni ilgari surish maqsadida shu yerdaman. Markaziy bank, Bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va sanoat vazirligining keng doiradagi mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazmoqdamiz. Va sanksiyalar bilan bog‘liq yuzaga kelgan bir qator masalalarni muhokama qilmoqdamiz.

— Bilaman, bu savolni ko‘p berishadi, lekin yana bir bor ko‘tarishni istardim. Sanksiyalarni joriy etishdan asosiy maqsad nima va ular qay darajada samarali? Urush hali ham davom etayotganini hisobga olganda.

— Rossiya tomonidan o‘tgan yilning fevralida Ukrainada boshlangan keng ko‘lamli bosqinchilik Yevropa qit’asida kutilmagan voqea bo‘lganini tushunish juda muhim. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Yevropa hududida yirik kuchlar to‘qnashuviga guvoh bo‘lmoqdamiz. Va bu nafaqat BMT Nizomini, balki Xelsinki kelishuvlarini ham qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Bu xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa yevropaliklarning juda kuchli reaksiyasiga sabab bo‘ldi. Aynan shuning uchun biz Rossiyaning asossiz tajovuzkorligiga javob tariqasida unga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar to‘plamini qabul qildik.

Ushbu sanksiyalarning maqsadlari quyidagilardan iborat. Birinchidan, Rossiyani, Rossiya harbiy-sanoat majmuasini yanada takomillashgan qurollarni yaratish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilish. Ikkinchidan, Rossiya hukumatini urushni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan daromaddan mahrum qilish. Va uchinchidan, Rossiyaning urushni olib borishdagi asossiz tajovuzkorligi va o‘ta shafqatsiz xatti-harakatlariga javob tariqasida uning sanoat infratuzilmasini qimmatga tushirish.

O‘ylaymanki, ushbu uchta maqsad bo‘yicha sezilarli muvaffaqiyatlarni namoyish etishimiz mumkin. Rossiya zarur texnologiyalarni sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. U Eron, Shimoliy Koreyaga tobora ko‘proq murojaat qilmoqda yoki eski harbiy texnikadan foydalanmoqda. Bu esa ukrainaliklarga jang maydonida muayyan ustunlik beradi. Rossiya daromadlari pasayib bormoqda va Rossiya iqtisodiyoti endilikda, an’anaviy profitsitdan farqli o‘laroq, defitsitni boshdan kechirmoqda. Ular urush iqtisodiyotini yuritishga majbur. Ular iqtisodining qolgan qismini “yeb bitirish”ga — ijtimoiy ta’minot, ta’lim, investitsiyalar, tadqiqotlar sohasidan mablag‘larni tortib olib, urush ehtiyojlari uchun sarflashga majbur.

Rossiya iqtisodiyotining o‘rta muddatli istiqbollari ham nihoyatda yomon. Buni avtomobil g‘ildiragining portlashidan ko‘ra asta-sekinlik bilan teshilishi, degan bo‘lardim. Biroq, hamma gap shundaki, g‘ildirak dami asta-sekin chiqib ketaveradi, mashinani boshqarish tobora qiyinlashadi, qaysidir nuqtada esa u beqaror bo‘lib qoladi. Albatta, iqtisodni urush holatiga qo‘yib, Rossiya sun’iy ravishda uni istalgan birimiz xohlaganimizdan ko‘ra uzoqroq vaqt ushlab turishi mumkin. Biroq, bu hatto o‘rta muddatli istiqbolda ham barqaror emas.

— Aprel oyida, O‘zbekistonga avvalgi tashrifingiz chog‘ida so‘nggi paytlarda YeI tomonidan YeIda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning O‘zbekiston hududi orqali reeksporti 126 foizga oshgani kuzatilganini qayd etgan edingiz. Bu ko‘rsatkichning dinamikasi qanday — u kamaydimi yoki oshdimi?

— Mening nazarimda, tashrifimiz faqatgina O‘zbekiston bilan kifoyalanmaganligini ta’kidlab o‘tish muhim. Sanksiyalardan maqsad Yevropa kompaniyalarining Rossiyada biznes yuritishi va mahsulot eksport qilishiga halal berishdan iborat edi. Rossiyadan importimiz avvalgi tarkibining 60 foizi sanksiyaga uchragan yoki taqiqlangan. Bundan tashqari, eksportimiz avvalgi tarkibining 55 foizi ham endi sanksiyalar ostida. Shu sababli, ushbu eksportning ko‘plab qo‘shni mamlakatlarga yoki hatto BAA kabi uzoq mamlakatlarga tabiiy ko‘chishi sodir bo‘ldi.

Shunday qilib, ilgari Rossiyaga qarab harakatlangan, hozirda esa Qozog‘iston, O‘zbekiston, Armaniston, Serbiya, Turkiya va BAAga yo‘l olayotgan savdoning ko‘chishi tendensiyasiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Va [mahsulotlarimiz] bu mamlakatlardan Rossiyaga yetib borishidan, albatta, xavotirdamiz. Aynan shuning uchun aprel oyidagi tashrifim vaqtida bu mamlakatlarning barchasi bilan muzaokaralar boshlangan. Haqiqatan ham, biz xavotir uyg‘otadigan ayrim raqamlarni ko‘rdik, ayniqsa Rossiya harbiy texnikasida ishlatiladigan mahsulotlar bo‘yicha.

дэвид оʼсаллиvaн, еи maxsus vakili, sanksiyalar

Biz O‘zbekistondan barcha sanksiyalarga rioya qilishni talab qilmaymiz, bu juda qiyin bo‘lardi. Biroq, Rossiya harbiy harakatlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan 45 ga yaqin mahsulotlardan juda oz miqdorini aniqladik. Va bu tovarlarning O‘zbekiston kabi uchinchi davlatlardan reeksport qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik tarafdorimiz.

Darhaqiqat, O‘zbekiston hukumati bizni O‘zbekistondan [sanksiyalarni] chetlab o‘tish uchun platforma sifatida foydalanilishini istamasligiga ishontirdi, xususan, harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tovarlar uchun. Biz ushbu tovarlarning reeksporti qisqarganligi bo‘yicha dastlabki ijobiy reaksiyalarga guvoh bo‘ldik.

Biroq, aytishim kerakki, hozirda statistik ma’lumotlar yetarli emas. Va bugungi muhokamalar doirasida O‘zbekiston tomoni bu ma’lumotlarni yaqin bir necha kunlarda taqdim etish majburiyatini oldi. Umid qilamanki, bu birinchi tashrifimizdan keyin biz ko‘rgan tendensiya bugungi kungacha davom etayotganidan dalolat beradi.

— Parallel eksport haqida gap ketganda, sanksiyalar davlatlarga emas, balki kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladi. Biroq, uzoq istiqbolda ushbu mamlakatlardan parallel eksport to‘xtamagan taqdirda, ularga nisbatan choralar ko‘riladimi?

— Sanksiyalar, aslini olganda, mamlakatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Hozirgi vaziyatda — Rossiyaga. Uchinchi mamlakatlardagi kompaniyalar uchun bu sanksiyalarning oqibatlari esa faqat ular sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan taqdirda yuzaga keladi. Biz ularning o‘zlariga nisbatan sanksiyalar qo‘llamaymiz. Bundan maqsad — bu kompaniyalar bizning sanksiyalarimizni chetlab o‘tishda davom eta olmasligini ta’minlash. Shuning uchun biz ba’zi hollarda muayyan kompaniyalarni ro‘yxatga kiritamiz va o‘z kompaniyalarimiz uchun ushbu kompaniyalar bilan hamkorlikda biznes yuritishni qiyinlashtiramiz.

Biz, Yevropa Ittifoqi, ikkinchi darajali sanksiyalarni qo‘llamaymiz va sanksiyalarimizni ular qarshi qaratilgan davlatdan — hozirgi vaziyatda Rossiyadan — boshqa davlatlarga nisbatan qo‘llamaymiz.

— O‘zbekiston ushbu sanksiyalarga rioya qilishda qandaydir qiyinchiliklarga duch kelmoqdami? O‘zbekiston rasmiylari g‘arblik hamkorlarga qaysi asosiy masalalarda maslahat yoki tavsiyalar uchun murojaat qiladi?

— Ochig‘ini aytishni istardim. [Suhbat] boshida aytib o‘tganimdek, biz O‘zbekistondan sanksiyalarimizga rioya qilishni so‘ramaymiz. Sanksiyalarimizni qabul qilish yoki ularga muvofiq harakat qilishni so‘ramaymiz, lekin sanksiyalarimizni chetlab o‘tish uchun platforma bo‘lmaslikni so‘raymiz. Aprel oyidagi tashrifim chog‘ida, odamlar Yevropa yoki boshqa G‘arb tovarlarini reeksport qilishda bizning sanksiyalarimizni tasodifan buzish xavfi nima ekanligini yaxshiroq tushunishlari uchun nima bo‘layotgani va sanksiyalarimiz qanday ishlashini tushuntirish maqsadida texnik yordam missiyasini tashkil qildik.

Va biz O‘zbekiston rasmiylari bilan ularda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan doimiy muloqotdamiz — ruxsat etilgan chegara qanday, nima qonunan mumkin, nima mumkin emas. Va men O‘zbekistonda bu borada boshqa davlatlarga qaraganda muammo ko‘proq, deb o‘ylamayman. Markaziy bank juda yaxshi ish olib bormoqda. Bojxona organlari O‘zbekistondan bizning sanksiyalarimizni chetlab o‘tishda platforma sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan har qanday xavf bilan yaxshi kurashmoqda.

— Ma’lumki, Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasiga aylanib qolmaslik uchun G‘arb davlatlari mamlakat tashqi savdosini diversifikatsiya qilishda muqobil variantlarni taklif qilishlari muhim. Bu borada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

— Ikkita narsani qayd etib o‘tishni istardim. Birinchidan, shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistondan so‘ralayotgan sa’y-harakatlar uning umumiy savdo hajmining 1 foizidan kamrog‘ini tashkil etuvchi 45 ta mahsulotga qaratilgan. Biz O‘zbekistonning Rossiya bilan an’anaviy savdosiga yoki Rossiya bilan qonuniy savdosiga — siz Rossiya bilan doimo savdo qilib kelgan tovarlarga zarar yetkazish istagida emasmiz. Bu, albatta, davom etaveradi. Biz savdoning sanksiyalarimizni chetlab o‘tishga urinishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi ko‘rinishlaridan xavotirdamiz. Biz hech qanday tarzda O‘zbekistonning an’anaviy savdo yo‘llariga putur yetkazmoqchi emasmiz, agar ular sanksiya ostidagi tovarlar bilan bog‘liq bo‘lmasa.

Umuman olganda, iqtisodiy faoliyatni diversifikatsiya qilishdan O‘zbekistonning o‘zi manfaatdor. Biz O‘zbekiston hukumatining jahon iqtisodiy hamjamiyatining to‘laqonli a’zosiga aylanish va Yevropa, AQSh, Janubiy Amerika, Osiyo mamlakatlari bilan savdo qilish, JSTga a’zo bo‘lish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi eksport imkoniyatlarini ochish orqali o‘z iqtisodiy faoliyatini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz.

дэвид оʼсаллиvaн, еи maxsus vakili, sanksiyalar

Masalan, YeI bilan munosabatlarda O‘zbekiston GSP+ — ko‘plab o‘zbek tovarlarini bojxona to‘lovlarisiz YeI mamlakatlariga eksport qilish imkonini beruvchi maxsus tarif rejimidagi ishtirokidan foyda ko‘radi. O‘zbekiston hukumati bilan aynan mana shu yo‘nalishlarda hamkorlik qilib, iqtisodiyotingiz o‘sishi va jahon iqtisodiyotining yanada kattaroq qismiga aylanishiga yordam berish istagidamiz. Va bizning yagona vazifamiz — sanksiyalar masalasi ushbu ijobiy o‘zgarishlarga to‘sqinlik qilmasligi yoki putur yetkazmasligiga ishonch hosil qilish.

— Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi tez orada joriy etilishini e’lon qildi. Ushbu sanksiyalar paketiga O‘zbekistondan qaysi kompaniyalar kiritilgan va bu borada rasmiylar qanday chora ko‘rishlari lozim?

— Sanksiyalarning 12-paketi batamom qabul qilinmaguncha izoh berishni istamasdim, sababi hozirda u tayyorgarlik bosqichida. Faqat shuni aytishim mumkinki, avvalgilarida ikkita O‘zbekiston kompaniyasi ro‘yxatga kiritilgan holatlar bo‘ldi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, bu juda og‘ir sanksiya emas. Bu shunchaki Yevropa kompaniyalarining ushbu kompaniyalar bilan savdo qilishiga yo‘l qo‘ymaslik vositasi, chunki, ming afsuski, bu kompaniyalar bizning sanksiyalarimizni chetlab o‘tishlari yoki sanksiya ostidagi mahsulotlarni Rossiyaga sotishda hamkorlik qilishlari mumkin, deb hisoblash uchun asos bor. Bu biz foydalanadigan usullar orasida eng cheklanganlaridan. Undan ehtiyotkorlik bilan foydalanamiz. Biz sanksiyalar qo‘llash yoki yuridik shaxslar va kompaniyalarni ro‘yxatga kiritish zaruratidan qochish uchun O‘zbekiston kabi hamkor davlatlar bilan sheriklik va hamkorlik ruhida ishlashni ma’qul ko‘ramiz.

— Sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasiga aylanib qolmaslik uchun qanday yo‘l tutish yuzasidan mamlakat rasmiylariga asosiy messejingiz nimadan iborat?

— Nazarimda, bizning asosiy messejimiz — O‘zbekiston va YeI o‘rtasida juda ijobiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilganida. Xoh savdoda bo‘lsin, xoh rivojlanishga yordam, xoh bu yerga ish o‘rinlari va zavodlar tashkil etish uchun kirib kelayotgan Yevropa kompaniyalari investitsiyalari bo‘lsin. Va sanksiya masalasi [bunga] to‘siq bo‘lib qolmasligi — muhim.

Shuning uchun biz O‘zbekiston rasmiylaridan o‘z majburiyatlarini bajarishlarini so‘raymiz, xususan: O‘zbekiston sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasiga, sanksiya ostidagi tovarlar Rossiyaga noqonuniy ravishda kirib borishini ta’minlovchi hududga aylanib qolmasligini ta’minlash. Biz bu nimani anglatishini juda aniq tushuntirdik. Aytib o‘tganimdek, butun boshli iqtisodiyotga nisbatan olganda, bu tovarlarning nisbatan kichik sonini tashkil etadi, biroq ular juda muhim va harbiy maqsadlarda qo‘llanishi mumkinligi nuqtai nazaridan juda xavfli.

Biz yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy xabar — O‘zbekiston hukumati bu savdoga jiddiy e’tibor qaratishda davom etsin va O‘zbekistondan sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasi sifatida foydalanishlariga yo‘l qo‘yilmasin.

Davlat Umarov suhbatlashdi.