O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Gazeta.uz”ga “O‘ztransgaz” kompaniyasi ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishi mumkinligi haqida paydo bo‘lgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

“Bu [gap] qayerdan? Kim shunday dedi? „O‘ztransgaz“ — aksiyadorlik jamiyati. Men bu haqda bilmayman”, — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudov kompaniyaning ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishini inkor qila olasizmi, degan savolga: “Men buni eshitmadim”, — deb qo‘shimcha qildi.

“O‘ztransgaz” matbuot xizmati izoh berishdan vaqtincha bosh tortdi.

Bitimlar

Yaqinda moliyachi Otabek Bakirov norasmiy ma’lumotlarga tayanib, “O‘ztransgaz” aksiyalari ishonchli boshqaruvga o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

Kompaniya tomonidan 29-mart kuni e’lon qilingan korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” gazni magistral gaz quvurlari orqali tranzit qilish va tashish bo‘yicha yagona operator hisoblangan “O‘ztransgaz”ning 46,8 foiz ulushini 292,8 milliard so‘mga sotib olgan.

Bitim birjadan tashqarida tuzilgan, aksiyalar nominal qiymatda 1000 so‘mdan sotilgan. Uch kundan so‘ng (1-aprel) “O‘zbekneftgaz” Uz-Kor Gas Chemical va KPMG Valuation and Consulting qo‘shma korxonasi bilan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining 1 ta oddiy aksiyasini baholash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan qo‘shimcha shartnoma tuzgan.

3-aprel kuni “O‘zbekneftgaz” gazni sotish bo‘yicha qarz shartnomasini imzoladi (quyidagi bitimlar bilan o‘zaro bog‘liq yirik bitim: газ sotish bo‘yicha qarz kelishuvi doirasida gaz qarzi bo‘yicha bosh kelishuv, qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlarni topshirish bo‘yicha shartnoma).

Ushbu bitim qiymati 10,02 trillion so‘mni tashkil etadi (kompaniya sof aktivlarining 31 foizi, umumiysi — 32,2 trillion so‘m). Otabek Bakirovning fikricha, “O‘zbekneftgaz” ushbu shartnomaga ko‘ra, ushbu summadagi qarzning sotib oluvchisiga aylandi.

“Demak, iqtisodiy mazmuni yo‘q va energetikadagi avvalgi tarkibiy islohotlarga zid moliyaviy sxemaga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” (Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasining 50 foiziga egalik qiladi, “O‘ztransgaz”ning undan 1 milliard dollar qarzi bor — tahr.) “O‘ztransgaz”ning qarzlaridan voz kechmoqda va uning aksiyadoriga aylanmoqda. Bu g‘alati bitimdan Uz-Kor Gas Chemical qanday benefit olayotganini qo‘shimcha hujjatlarsiz aniqlab bo‘lmaydi”, — dedi u.

3-aprel kuni “O‘zbekneftgaz” yana bir bitim — 2012-yil 19-maydagi aksiyadorlik shartnomasiga qo‘shimcha №7 bitimni imzoladi, biroq uning mazmuni oshkor etilmagan.

2023-yil sentabrida O‘zbekiston Janubiy Koreyaga Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il konidan gaz qazib oluvchi Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma gaz loyihasi bo‘yicha to‘lanmagan 1 milliard dollar qarzini qoplashga rozi bo‘lgandi.

“O‘ztransgaz” kompaniyasining (chet el kompaniyalaridan gazni eksport narxlarida sotib olib, ichki bozorga arzonlashtirilgan narxlarda sotuvchi) ishlab chiqarilgan gaz uchun Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi oldida 1 milliard dollar qarzi yig‘ilib qolgan. Valyuta bozori liberallashtirilib, so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi 2 barobarga qadrsizlangan 2017-yildan buyon valyuta taqchilligi katta bo‘lishidan xavotirlar tufayli to‘lovlar amalga oshirilmagan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2023-yil sentabrida “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida O‘zbekiston va Janubiy Koreya “O‘ztransgaz” qarzini to‘lash bo‘yicha “murosa variantini” topgani haqida xabar bergandi.

“Biz O‘zbekiston, qo‘shma korxona va kreditorlar uchun maqbul bo‘lgan yechim topdik… To‘g‘risini aytganda, bu O‘zbekistonning qarzi emas. Bu qarz kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar, bu yerda davlat [qarzni] qayta tuzishga yordam berish uchun shunchaki jalb qilingan”, — dedi u.

Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘nggi tijorat kelishuvidan hali xabari yo‘qligini, ammo qarz 3−5 yil ichida to‘lanishini kutayotganini aytgandi.

Narxlardagi farq haqida

2022-yilda “O‘ztransgaz” gazni “O‘zbekneftgaz”dan 250 so‘mdan, xorijiy kompaniyalar — “Lukoyl” va Uz-Kor Gas Chemical`dan 1100 so‘mdan, Natural Gas-Stream`dan 550 so‘mdan, import orqali esa 1320 so‘mdan sotib olgan. So‘ng “O‘ztransgaz” ushbu gazni “Hududgazta’minot”ga 340 so‘m, magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilar issiqlik elektr stansiyalariga 1000 so‘m, boshqalarga esa 1150−1300 so‘mdan sotgan. Shu farq tufayli gaz quvurlari operatori Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasidan katta miqdorda qarz bo‘lib qolgan.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” o‘z gazini “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot”ga 250 so‘mdan, Uz-Kor Gas Chemical xorijiy kompaniyasiga esa 190 so‘mdan sotgan.

Otabek Bakirovning fikricha, gazning 2000 so‘m deb e’lon qilingan yangi narxi o‘tmishdagi ayni shunday narxlar tufayli “shishirilgan”.

Germaniyada faoliyat yuritadigan o‘zbekistonlik energetika mutaxassisi Ravshan Xo‘janov iste’molchilar yakuniy narx qanday shakllanayotgani va davlat kompaniyalari energiya resurslarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga qanday qo‘shimcha to‘lovlar qo‘yishini ko‘rishlari uchun davlatni energiya resurslarining butun tannarx zanjirini oshkor qilishga chaqirgandi.

Uz-Kor loyihasi haqida

2008-yilning fevral oyida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va Kor-Uz Gas Chemical Investment konsorsiumi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini qurish uchun paritet asosda Uz-Kor Gas Chemical QK tashkil etilgan. Koreya kompaniyalari konsorsiumiga hozir Koreyaning Kogas gaz korporatsiyasi, kimyoviy Lotte Chemical va GSE&R kiradi.

Qurilishi 2012-yilda boshlangan gaz-kimyo majmuasida har yili 4,5 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 4 milliard kub metrgacha tovar gazi, 400 ming tonna turli zichlikdagi polietilen, 100 ming tonna polipropilen va 100 ming tonnaga yaqin piroliz benzini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan edi. Loyihaning bosh pudratchilari Koreyaning Samsung Engineering, GS Engineering va Hyundai Engineering kompaniyalari bo‘lgan.

Umumiy qiymati 4,16 milliard dollar bo‘lgan loyiha xorijiy moliya institutlari konsorsiumining 2,5 milliard dollar miqdoridagi kreditlari, Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma korxonasi ta’sischilarining o‘z mablag‘lari (1,41 milliard dollar), shuningdek, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ajratgan krediti (100 million dollar) hisobidan amalga oshirildi.

Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi ishlayotgan konlardagi gaz zaxiralari 109,6 mlrd kub metrga baholangan (“O‘zbekneftgaz” va Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyalaridan keyin uchinchi o‘rinda).