2-may kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli kinoaktyor Mashrab Kimsanov 69 yoshida, uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi xabar qildi.

Ma’lumot uchun, Mashrab Kimsanov “Vodillik kelin”, “Olovli yo‘llar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Masxaraboz”, “Umid”, “Zebuzar”, “Hayot mamot”, “Haqiqiy erkaklar ovi”, “Sehrli qalpoqcha”, “Onaginam orzusi” kabi ko‘plab filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Shuningdek, ijodkor “Tog‘lik kuyov” filmining postanovkachi rejissyori hisoblanadi.

Kimsanov 1955-yil 17-avgustda tug‘ilgan. 1976−1979-yillarda — “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlagan. 1983-yilda VGIK aktyorlik fakultetini tamomlagan. 1983−1986-yillarda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida, 1986-yildan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi qoshidagi eksperimental kinoaktyorlar teatr-studiyasida aktyor bo‘lib ishlagan.

1999-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan.