Tarmoqlarda maktablardan birida dars vaqtida orqa partadagi o‘quvchilar qarta o‘ynab o‘tirgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahri Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, videolavhadagi voqea 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. 4 nafar 8-sinf o‘quvchisi tarix fani darsida jarayonga xalaqit qilib, qarta o‘ynagan.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, ushbu o‘quvchilar va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab ma’muriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.

O‘quvchilarning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan jarima qo‘llangan. Sinf rahbari N.B.ga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.

Boshqarma bu kabi holatlar uchun o‘qituvchilardan ko‘ra ko‘proq ota-onalar mas’ul ekanini, ammo ta’lim muassasalarida muntazam o‘tkazilayotgan “Davomat”, “Tig‘” kabi tadbirlar ularning ayrimlariga yoqmayotganini ta’kidladi.

“Farzandingizning faqat maktabga borishi emas, balki uning papkasida nimalar borligi, ko‘cha-ko‘yda kimlar bilan o‘rtoqligi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan ham qiziqsangiz, ayni muddao bo‘lur edi. Ularning o‘smirlik davri yoshidagi o‘zgarishlari, qiziqishlarini nazoratga olish va farzandlarimizga zarur shart-sharoitlar yaratish kelgusida faqat yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun zamin yaratadi, xolos”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda farzandining ta’lim-tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona javobgarlikka tortilgan.