Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi to‘qayzorda yuz bergan yong‘inda dastlab aytilganidek 1500 ta emas, 775 ta daraxt va buta yongan. Bu haqda tuman ekologiya bo‘limiga tayanib, Kun.uz ma’lum qildi.

Aprel oyi so‘ngida tumanning Qoraxitoy qishlog‘ida noma’lum shaxs mevali va manzarali daraxtlarni yoqib yuborgan, holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, daraxtlarning yoqib yuborilishi oqibatida tabiatga 459 million 652 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Bo‘limning aniqlik kiritishicha, yerni auksiondan olib, uni muhofaza hududiga qaytarish va egalik huquqlarini bekor qilish bo‘yicha prokuraturaga so‘rovnoma kiritilgan.

“Yonib ketgan daraxtlar balki bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. To‘qayzor bo‘lgani uchun ichkariga kirish qiyin, ba’zi joyi suv yoki botqoqdan iborat bo‘lgani uchun kirishning iloji yo‘q”, — deydi bosh mutaxassis Bobur Xoltojiyev.