15-mart kuni umumxalq xayriya shanbaligi o‘tkaziladi. Umumxalq shanbalik Vazirlar Mahkamasining mart-aprel oylari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi deb e’lon qilingan 6-martdagi qarori bilan ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

An’anaga ko‘ra, aholi yashash joylari, ko‘p qavatli binolar, uylar atroflari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni, shuningdek bolalar maydonchalarini tartibga keltiriladi, barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi, bo‘sh hududlarda bog‘lar barpo etiladi, mavjud daraxtlarni butash va oqlash kabi ko‘plab tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, keksa va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinadi, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashiladi.

Xayriya shanbaligi doirasida barcha muassasa, tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqlari «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilangani qayd etilgan.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bu mablag‘lar «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, kam ta’minlangan oilalarga, nogiron va yolg‘iz keksalarga moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatish, yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallalardagi mavjud sport maydonlarini joriy ta’mirlash, ularga kerakli anjomlar xarid qilish kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi.