4-mart kuni Ukrainada kechayotgan voqealar yuzasidan «Jahon» axborot agentligining bayonoti e'lon qilindi.

«Ukrainada ro’y berayotgan voqealar vaziyatning jiddiy murakkablashuviga hamda o’zaro qarama-qarshilikka olib kelgani barobarida ular tanglikning yanada kuchayishini, oldindan aytish mushkul bo’lgan oqibatlarni keltirib chiqarishi, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi ehtimoli mavjudki, bunday holat O’zbekistonda chuqur xavotir va tashvish uyg’otmasligi mumkin emas», — deb aytilgan bayonotda.

«O’zbekiston Ukrainada yuzaga kelgan vaziyatning bartaraf etilishini eng avvalo, kuch ishlatishlar qo’llanilishidan voz kechilgan holda, vujudga kelgan muammolar tinch yo’l bilan, siyosiy vositalar va sa'y-harakatlardan foydalanilgan tarzda, xalqaro huquqning asosiy me'yorlariga hamda BMT Nizomiga asoslangan holda muzokaralar yo’li bilan hal etilishida ko’radi», — deb ta'kidlangan.

O’zbekiston Ukrainadagi nizoli jarayonda ishtirok etayotgan tomonlar o’rtasida tez fursat ichida o’zaro kelishuvga erishilishi uchun yuksak darajadagi vazminlik va mulohazakorlik namoyon qilinishiga umid bildirishi qayd etilgan.