Xitoyda yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi VI Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchta oltin, to‘rtta kumush, bitta bronza — jami sakkizta medal bilan umumjamoa hisobida to‘rtlikdan joy oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga dastlabki oltin medalni yadro uloqtirish bahslarida barcha raqibalarini ortda qoldirgan Sofiya Burhonova keltirdi. Iste’dodli sportchi yadroni 16 metru 80 santimetr uzoqlikka uloqtirib, xitoylik Vian Kani yigirma, Xitoy Taypeyi vakilasi Lin Chia-Yingni yigirma sakkiz santimetrga ortda qoldirdi.

Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bahslarida 196 santimetrlik belgini zabt etib, eng yuqori natijani qayd qildi. U ikkinchi o‘rinni egallagan xitoylik Ksinjan Jengdan besh santimetrga o‘zib ketdi.

Terma jamoa hisobiga uchinchi oltin medalni Anastasiya Juravlyova keltirdi. E’tiborlisi, uch hatlab sakrash bo‘yicha oltin medalga ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi — Anastasiya Juravlyova hamda Aleksandra Kotlyarova da’vogarlik qildi. Keskin va murosasiz raqobatda yosh sportchi Aleksandra Kotlyarova ikkinchi o‘rinni egalladi.

Uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan iste’dodli atlet Darya Raznichenko 6 metru 30 santimetr natija bilan ikkinchi o‘rinni egallab, terma jamoa hisobiga kumush medal qo‘shdi. Ko‘pkurash bahslarida 3985 ochko jamg‘argan Yuliya Tarasova ham musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda Leonid Andreyev ko‘pkurash bo‘yicha ikkinchi, Ruslan Qurbonov uch hatlab sakrashda uchinchi o‘rinni egalladi.

Yopiq inshootlardagi qit’a chempionati Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi tomonidan 2004 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari har ikki yilda tashkil etiladigan musobaqalarda shu paytgacha bittadan oltin va kumush, beshta bronza, jami yettita medal jamg‘argan edi.