O'zbekistonda Oliy Majlisi Senati tomonidan 12-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi qaror ijrosi boshlandi.

Qarorda sudlangan ayollarni (istisnolarni hisobga olgan holda) ozod qilish nazarda tutilgan. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasida mazkur qarorning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan ilk tadbirlardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda huquqni muhofaza qilish idoralari mas’ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

«Qilgan jinoyatim uchun 2013-yil iyun oyida uch yilga ozodlikdan mahrum etilgandim, — deydi ozod etilgan ayollardan biri. — Mana, juda qisqa muddatda yurtimizda ustuvor bo‘lgan insonparvarlik, kechirimlilik tufayli ozodlikka chiqib, uyimga qaytayapman. Bu yerda o‘z uying, yaqinlaring diydoridan aziz ne’mat yo‘qligiga, faqat halol mehnat qilish to‘g‘ri yo‘l ekaniga amin bo‘ldim».

Eslatib o'tamiz, amnistiya to'g'risidagi qaror Prezident Islom Karimovning taqdimnomasiga binoan parlamentning yuqori palatasi tomonidan qabul qilingan edi.