Senatorlar 12-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qo‘llanish tartibini belgiladilar.Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Senat o‘zining Qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qo‘llanish tartibini belgilagan bo‘lib, unda amnistiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilinadigan shaxslarga doir ishlar va materiallarni sud tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilangan.

Shu bilan birga senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, shuningdek, uni ijro etish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini ta’minlashda faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, jazodan ozod qilinayotgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, ular to‘liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishini ta’minlash, yolg‘iz, yordamga muhtoj shaxslarni nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirish, voyaga yetmaganlarni ota-onalar, homiylik va vasiylik organlari nazoratiga topshirish, zarur hollarda ularni tegishli ta’lim muassasalariga yuborish ham nazarda tutilmoqda.

Masalani ko‘rib chiqish vaqtida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qabul qilinishi inson huquqlari va uning manfaatlari oliy qadriyat ekanligini qayd etdilar.

Eslatib o’tamiz, amnistiya masalasi Prezident tomonidan parlament yuqori palatasiga kiritilgan edi.

Oliy Majlis Senatining Qarorida sudlangan ayollarni, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini, shuningdek, bir qator boshqa toifalarni jazodan ozod qilish (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Qarorda shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qarorning amal qilishi tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari belgilangan.