O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 17-iyuldagi buyrug‘iga ko‘ra “O‘zdunrobita” xorijiy korxonasiga ko‘chma radiotelefon (mobil) aloqa tarmoqlarini loyihalash, qurish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish uchun 2004-yil 28-iyulda berilgan AA seriyali 000682-raqamli litsenziyasining amal qilishi yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish uchun 17-iyul soat 18:00 dan 10 ish kuniga to‘xtatilgan edi.

“O‘zdunrobita”ning 18- va 24-iyuldagi xatlari bilan O‘zAAAning yuqorida qayd etilgan buyrug‘ida ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarning bartaraf etilganini ma'lum qildi va tarmoqni tiklash maqsadida litsenziyaning amal qilishini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilish to‘g‘risida murojaat qilgan.

Olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra O‘zAAAning 17-iyuldagi buyrug‘ida ko‘rsatilgan noqonuniy foydalanish, xususan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi radiorele liniyalaridan noqonuniy foydalanish to‘xtatilmaganligi aniqlandi, deyiladi agentlik matbuot xizmati xabarida.

Aniqlangan dalillar kompaniya tomonidan Davlat aloqa inspeksiyasining va O‘zAAA buyrug‘idagi ko‘rsatmalari bajarilmaganligidan dalolat beradi, bu esa Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-noyabrdagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomning 46-bandiga muvofiq litsenziatning majburiyatlarini bajarmaganligi sifatida tan olinib, litsenziyaning amal qilinishining to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi.

“Ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga, shuningdek, Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash litsenziyalash to‘g‘risida Nizomning 45-bandiga muvofiq litsenziat tomonidan litsenziya beruvchi organning aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi qarorini bajarmaganligi uchun Toshkent shahar Xo‘jalik sudi mazkur litsenziyaning amal qilishining to‘xtatilishi muddatini uch oyga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.