Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol 13−15-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Asosiy mavzular — savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish. Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma dasturlarni ham muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentlar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashadi. Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi. Yun Sok Yol mamlakatning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyuradi.