Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Navoiyazot” tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja savdolari orqali realizatsiya qilinishida narx manipulyatsiyasi holatlarini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

“Navoiyazot” mineral o‘g‘itlar bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Qo‘mitaga ko‘ra, jamiyat, jumladan, 2021−2023-yillarda mineral o‘g‘itlarni (karbamid, sulfat ammoniya, superfosfat, polivinilxlorid (PVX) va formalin) “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori talablariga zid holda tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda birja savdolariga qo‘ymagan.

Bunday mahsulotlar miqdori 57 ming 209 tonnani tashkil etgan. Buning oqibatida taklifning sun’iy ravishda kamaytirilishi narxlarning o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga olib kelgan. Mazkur huquqbuzarliklar natijasida jamiyat tomonidan jami 20,5 mlrd so‘m asossiz daromad olingan.

Mazkur qonun talablari buzilishi holatlari yuzasidan Qo‘mita tomonidan “Navoiyazot”ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.