Sudyalar hay’ati AQSh prezidentining o‘g‘li Hanter Baydenni qurol-yarog‘ saqlash qoidalarini buzishda aybdor deb topdi, deb xabar bermoqda CNN. Amerika tarixida birinchi marta amaldagi prezidentning farzandi og‘ir jinoyatda ayblandi.

Prokuraturaga ko‘ra, 54 yoshli Hanter Bayden 2018-yilda to‘pponcha sotib olayotganda ro‘yxatga olish organlariga yolg‘on ma’lumot bergan. U, xususan, ariza blankalarida giyohvand moddalarga qaramligi haqida yolg‘on gapirgan.

Keyinchalik Hanter qurolni tashlab yuborgan, u Delaver shtatining Grinvill shahridagi oziq-ovqat do‘konida topilgan va tergovga sabab bo‘lgan. Yakunda tergovchilar prezidentning o‘g‘li sotib olish paytida to‘ldirgan hujjatlarning tagiga yetdi.

Hanter 25 yilgacha qamoq jazosi va 750 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin, ammo CNN maksimal jazoni dargumon deb atamoqda, chunki bu uning birinchi jinoiy harakati.

Hukm sanasi hali belgilanmadi, lekin odatda 120 kun ichida, ya’ni oktabr oyining o‘rtalariga yaqin chiqadi, deya aniqlik kiritdi telekanal.

Jo Bayden hukmga munosabat bildirib, giyohvandlikni yenggan o‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi. “Men prezidentman, lekin men otaman ham. Jill va men o‘g‘limizni yaxshi ko‘ramiz va bugun u bilan juda faxrlanamiz… Men bu ishning natijasini qabul qilaman va Hanter apellyatsiya shikoyati berishni ko‘rib chiqayotgan paytda sud jarayonini hurmat qilishni davom ettiraman”, — dedi u.