“Gazeta.uz” O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) va Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Parij o‘yinlarigacha bo‘lgan yo‘li to‘g‘risida hujjatli film suratga olinayotgani haqida xabar berdi. Bu Olimpiadada Markaziy Osiyo futbol jamoasi ishtirok etayotgan birinchi holatdir.

“O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Parijga yo‘llanma olgani — bu tarixiy voqea. Ushbu hujjatli film orqali bir necha yillik orzuga erishish uchun qanday yo‘ldan o‘tilgani va bu natijaning ortida kimlarning mehnati yotgani haqida hikoya qilinadi. Tarixiy voqelikni xotiraga muhrlash va biz olgan saboqlarni kelajak avlodga yetkazish g‘oyasi bilan bizga murojaat qilgan „Gazeta.uz“ jamoasini qo‘llab-quvvatladik va ular bilan birgalikda ushbu hujjatli film ustida ishlamoqdamiz”, — dedi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.

film, futbol

Filmni tasvirga olish ishlari iyun oyida boshlangan. Dastlabki bosqichda bosh murabbiy Timur Kapadze boshchiligidagi futbolchilarning Toshkentdagi yig‘ini tasvirga olindi va bir qator intervyular o‘tkazildi. To‘liq metrajli filmda o‘yinlar xronikasi, arxiv lavhalar, shuningdek, terma jamoaning tayyorgarlik jarayoni, futbolchilar, bosh murabbiy va muxlislar bilan intervyular yoritiladi. Loyiha jamoasi mintaqa futboli uchun tarixiy bo‘lgan voqelikni hujjatlashtirish, o‘zbek xalqi sevadigan sport turining “sahna orti”ni ko‘rsatish hamda yoshlarni yangi sport yutuqlari va sog‘lom turmush tarziga ruhlantirishni maqsad qilgan.

film, futbol

“Bu o‘zbek va Markaziy Osiyo futboli olamida olimpiya terma jamoasi mintaqadagi barcha muxlislarga orzularini — Olimpiadada o‘z yurtini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini taqdim etayotgan birinchi pretsedent hisoblanadi. Jamoamiz futbolchilarni o‘yinga tayyorlashning barcha bosqichlari, Parijga jo‘nab ketish arafasidagi o‘rtoqlik o‘yinlari, beksteyjni yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan. Umid qilamizki, hamkorlarimiz ko‘magida biz ham jamoamizning turnir davomidagi har bir o‘yinini yoritib boramiz. „Gazeta.uz“ jamoasi uchun bu hujjatli film o‘ziga xos tadqiqotdir. O‘yinchilar, murabbiylar, xodimlar va butun O‘FA tizimi uchun bu yutuqning asosiy omili nima bo‘ldi, degan savolga javob topmoqchimiz” — dedi “Gazeta.uz” direktori Davlat Umarov.

Hujjatli film o‘yinchilar, murabbiylar, xodimlar, muxlislar va oila a’zolarining ko‘pincha kadr ortida qolib ketadigan, ammo sportchining muvaffaqiyatida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan hikoyalari orqali muhim omillarni ochishga harakat qiladi.

Film premerasi 2024-yilning kuziga mo‘ljallangan.