541 ta holatda amalda ekilmagan 1 milliondan ziyod ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-46-sonli farmoni ijrosi ta’minlash maqsadida 2024-yilning „bahor mavsumi“ da 125 mln tup daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish, „yashil bog‘“, Yashil belbog‘” tashkil etish borasida 2024-yil 7-martda 144-F-sonli Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.

Farmoyishga muvofiq bahor mavsumida 139 mln tup daraxt ekilishi ta’minlangani to‘g‘risida elektron platformaga kiritilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi va daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriy ijrosi o‘rganib borildi.

Aniqlangan holatlar:

  • 541 ta holatda amalda ekilmagan 1 milliondan ziyod ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan;
  • 441 ta holatda 580 ming tup ko‘chatlar sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan;
  • 35 ta holatda yetkazib berilgan ko‘chatlar o‘z vaqtida ekilmaganligi sababli 19 mingdan ortiq ko‘chatlar nobud qilingan;
  • 7232 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni komensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklandi.

Yadro fizikasi instituti bog‘i (255 gektar), “Darxon” ilmiy tajriba xo‘jaligi (29,6 gektar), “Bobotog‘” va “Zarafshon” davlat o‘rmon xo‘jaliklari hududlari to‘liq nazoratga olinib, jami 50 ming tup ko‘chat ekilishi ta’minlangan.