O‘zbekistonda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.

Yig‘ilishda mamlakatdagi elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 baravar oshib, 35 mingtaga yetgani aytildi. Ayni vaqtda esa Jizzax viloyatida BYD avtomobil zavodini ishga tushirish rejalashtirilgan. 2024-yilda mayda uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarish quvvatini 50 mingtaga, keyinchalik esa 500 mingtagacha yetkazish ko‘zlangan.

Prezident shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaryadlash quvvatlarini hisobga olish zarurligini qayd etib o‘tdi.

Qayd etilishicha, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatishga ruxsat berilishi ham belgilanmoqda. Shuningdek, davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohlarida ham quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.