O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yili uchun birinchi sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Reglamentga muvofiq, qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 20-iyundan 31-iyulgacha mikro-hudud doirasida, ikkinchi bosqich esa 1-avgustdan 15-avgustgacha mikro-hududdan tashqarida bo‘ladi.

Qabul jarayonlari ayrim tuman-shaharlarda (quyida jadvalda) elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimi — adm.maktab.uz saytiga kiritiladi.

Vazirlikning eslatishicha, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2017-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

Elektron qabul jarayonlari yuzasidan vazirlik call-markazining 71−203−07−04 raqami yoki Telegram’dagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.