28-maydan 5-iyungacha Toshkent shahrida to‘rtinchi bor o‘tkazilgan Sahibkiran Amir Temur Cup musobaqasida o‘zbekistonlik shaxmatchi g‘olib bo‘ldi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 20 ming dollarni tashkil etdi.

Musobaqada 11 mamlakatdan 80 nafardan ortiq shaxmatchi asosiy guruhda qatnashdi.

O‘yinlar yakuniga ko‘ra, Abdimalik Abdisalimov (FIDE reytingi 2504, boshlang‘ich raqami 8) 7,5/9 ball bilan g‘alaba qozondi. Butun turnir davomida o‘zbekistonlik sportchi birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi va 4000 dollar ishlab oldi.

Ikkinchi o‘rinni 7 ochko jamg‘argan ukrainalik grossmeyster Aleksandr Moiseyenko (2560) egalladi. Uning hamyurti grossmeyster Vitaliy Bernadskiy 6,5 ochko (2562) bilan uchinchi bo‘ldi. Yana besh nafar shaxmatchi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 3−8-o‘rinlarni bo‘lishdi.

“Dastlabki uch raundda mendan reytingi past bo‘lgan raqiblarni mag‘lub etdim. To‘rtinchi o‘yinda men 2500 dan yuqori reytingga ega Sergey Tivyakovga qarshi o‘ynadim. G‘alaba qilib, 4/4 yiqqanimdan so‘ng, menda uchlikka kirish imkoniyati borligini angladim va o‘zim avval uzoq vaqt davomida o‘rgangan va sinab ko‘rgan kuchli debyutlarni o‘ynay boshladim. Shu tufayli birorta ham o‘yinda mag‘lub bo‘lmaslikka muvaffaq bo‘ldim”, — dedi Abdisalimov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.

Unga ko‘ra, eng qiyin o‘yin Aleksandr Moiseyenkoga qarshi kechgan.

“Men qoralar bilan o‘zim o‘rganmagan, deyarli yutqaziqli vaziyatga tushib qolgandim. Ammo oqlarning g‘alabasi aniq bo‘lmadi va men durangga erishdim. G‘alabani, albatta, otamga bag‘ishlamoqchiman”, — deya o‘rtoqlashdi shaxmatchi.