O‘tgan 12 oyning har biri kuzatuvlar tarixidagi eng issiqlari bo‘ldi, dedi Copernicus Yevropa iqlim xizmati.

2023-yilning iyunidan 2024-yilning mayigacha bo‘lgan davrda o‘rtacha global harorat 1850−1900-yillardagi sanoatdan avvalgi davrga nisbatan 1,63 daraja yuqori bo‘lgan.

O‘tgan yilning may oyida o‘rtacha global harorat 15,91 darajani tashkil etgan, bu 1991−2020-yillardagi ko‘rsatkichdan 0,65 darajaga, 2020-yil may oyida o‘rnatilgan avvalgi maksimal haroratdan 0,19 darajaga yuqori.

“Iqlim bizni bezovta qilishda davom etmoqda — so‘nggi 12 oy ichida avval hech qachon kuzatilmagan rekordlar yangilandi — bu asosan issiqxona gazlari chiqindilari, shuningdek, Tinch okeanining tropik qismidagi El-Ninoning qo‘shimcha impulsi hisobiga yuzaga keldi”, — dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.

“Agar biz issiqxona gazlarini atmosferaga chiqarishni davom ettirishga qaror qilsak, tez orada 2023/2024-yillar salqin bo‘lib ko‘rina boshlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Grafika: Copernicus Climate Change Service/ECMWFGrafika: Copernicus Climate Change Service/ECMWF

Copernicus hisobotini sharhlar ekan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyoda iqlim falokatining oldini olish uchun juda kam imkoniyat qolayotganini ta’kidladi. U mamlakatlarni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga va 2030-yilga mo‘ljallangan maqsadlarni qabul qilishga chaqirdi.

“Iqlim jahannamiga olib boradigan yo‘ldan chiqishimiz kerak. Va yaxshi xabar shundaki, rulni o‘zimiz boshqaryapmiz”, — dedi Guterrish.

Bosh kotib, shuningdek, insoniyatni dinozavrlarni yo‘q qilgan meteoritga qiyosladi. “Iqlim bilan bog‘liq vaziyatda biz dinozavrlar emas, meteoritmiz. Biz nafaqat xavf ostidamiz, balki o‘zimiz ham xavfmiz”, — dedi u.