Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan, Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining badiiy tarjima sohasida Ogahiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har ikki yilda bir marta quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:

  • o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
  • o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
  • o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
  • xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
  • xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
  • xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima.

G‘oliblarning har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (hozirda 102 mln so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

1-oktabrga qadar mukofotning rasmiy veb saytini yaratish topshirildi. Yozuvchilar uyushmasi mukofot kengashining ishchi organi hisoblanadi.