Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Yong‘in texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Yakubjon Rustemov avtotransport vositalaridagi gaz balonlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda gaz ballonlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Bu mamlakatda avtomobillar soni ko‘payishi, fuqarolar esa nisbatan arzon bo‘lgan siqilgan tabiiy gazdan keng foydalanishi fonida avtotransport vositalarida gaz ballonlaridan foydalanish talab va tartiblarini bilmaslik, ba’zida esa bilib turib beparvolik qilish oqibatida yuzaga kelmoqda.

Tabiiy gazning spetsifik xarakterini hisobga olib, tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan foydalanishda bu to‘g‘ridagi barcha o‘rnatilgan tartib qoidalarga amal qilish zarur bo‘ladi. Avtotransport vositalaridan foydalanuvchilar ba’zi narsalarga e’tiborli bo‘lishi lozim.

Avvalo, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirib yurish va uning sozligini ta’minlash avtomobildan xavfsiz foydalanishning asosiy garovi hisoblanadi. Avtotransport vositasining nosozligi oqibatida sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalari gaz ballonlarining portlashi, yonishi kabi fojiali xolatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashda uning foydalanish muddati asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Jumladan, gaz ballonlarining foydalanish muddati 15 yil yoki 15 000 marotaba gaz quyish deb belgilangan bo‘lsa-da, ammo uni saqlash va ishlatish sharoitidan kelib chiqib, bu muddat kamroq bo‘lishi mumkin.

Misol uchun, odatiy holatlarda har safar avtomobildagi gaz balloni gaz bilan to‘ldirilganda, ballon bosimdan ko‘zga ko‘rinmas holda shishadi va avtomobilning dvigateli ishlashi jarayonida gaz balloni joyiga qaytadi, shu tariqa yillar davomida ballonga gaz quyishda shishib, so‘ng o‘rniga qaytib, davriylik sikli o‘tib boradi.

Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarining davriylik sikli gaz ballonga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchilar tomonidan qayd etiladi hamda bundan ko‘proq gaz quyish ballonining ishlatish davrining kamayishiga olib keladi.

Agar bu ballon zavoddan nosoz holatda chiqqani yoki uni ishlatish jarayonida ballonga zarar yetkazish oqibatida unda mikroyoriq paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning bosimga chidamliligi tushib ketadi va portlashga olib keladi (norma 20mPa bo‘lsa, defekt hisobiga chidamliligi 10mPa bo‘lib qolishi mumkin). Ushbu holatlar gaz ballonlari yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi jarayonida aniqlanadi.

Texnik talablarga ko‘ra, avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq, jumladan, siqilgan tabiiy gaz ballonlari (metan) 3 yilda 1 marta hamda suyultirilgan gaz ballonlari (propan) 2 yilda 1 marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi kerak. Aks holda, bu ham baxtsiz hodisaga sabab bo‘ladi.

O‘rnatilgan qoidalarga asosan, siqilgan tabiiy gaz (SPG) uchun maksimal ishchi bosimi 20 MPa, suyultirilgan neft gazi (SNG) uchun maksimal ishchi bosim 1,6 MPa etib belgilangan. Shu sababli avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarini to‘ldirishda ballondagi bosim o‘rnatilgan bosim me’yoridan oshib ketmasligini nazorat qilish zarur, bosimning me’yordan ortishi gaz ballonining ishdan chiqishiga, mikroyoriqlarning paydo bo‘lishiga, oqibatda portlashga olib kelishi mumkin.

Gaz ballonlari faqat tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidangina o‘rnatilishi lozim. Gaz uskunalarining o‘rnatilishida standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi lozim. Tadqiqotlar davomida arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqishi mumkinligi ko‘p bora aniqlanmoqda.

Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarini ekspluatatsiya jarayonida ballonlar doimiy mexanik yoki kimyoviy ta’sirga duchor bo‘lmasligi, transport vositalarida tashiladigan yuk ta’sirida yoki harakatlanish davomidagi ishqalanish oqibatida shikastlanmasligi lozim.

Shu bilan bir vaqtda, ballonning tashqi yuzasiga suv tegishi, vaqti-vaqti bilan suvda qolishi yoki yo‘l sharoitida suv sachrashi, muzning erishiga hissa qo‘shadigan tuzdan foydalanish sharoitida gaz ballonlariga ularning sachrashi, muntazam ultrabinafsha quyosh nurining tushishi, agressiv kimyoviy vositalar (erituvchilar, kislotalar, o‘g‘itlar), avtomobil suyuqliklari, shu jumladan, benzin, gidravlik suyuqliklar, glikol va moylarning tushishi ballonlarga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli mazkur holatlarning yuzaga kelishidan haydovchilar ehtiyot bo‘lishi zarur.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanish maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:

  • siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirish va uning sozligini ta’minlash;
  • qo‘lbola yoki sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanmaslik;
  • siqilgan tabiiy gaz ballonlarining gaz uzatish moslamalari soz bo‘lishini ta’minlash;
  • gaz balloniga me’yordan ortiq gaz quymaslik;
  • gaz ballonlarining o‘rnatilishida malakali mutaxassis xizmatidan foydalanish;
  • avtomobilga o‘rnatilgan ballonlarning metall belbog‘lari, kuzov yoki boshqa metall bilan ishqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq siqilgan tabiiy gaz ballonlari (metan) 3 yilda 1 marta, suyultirilgan gaz ballonlari esa (propan) 2 yilda 1 marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishini ta’minlash.

Respublika sud ekspertiza markazi, Yong‘in-texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi aynan avtotransport vositalarida gaz balonlari bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqish sababini aniqlash bilan ham shug‘ullanadi.

Laboratoriya tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar davomida avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda o‘rnatilgan talab va qoidalarning buzilishi, gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligining buzilishi, shuningdek, jismonan va ma’nan eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish, avtotransport vositasining va ularga o‘rnatilgan gaz uskunalarining texnik nosozligi, o‘rnatishda talab va qoidalarga amal qilmaslik oqibatida avtotransport vositalarida baxtsiz hodisalar kelib chiqayotgani aniqlanmoqda.