So‘nggi 1 oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar tufayli davlat manfaatlariga 67,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Qayd etilishicha, vazirlik huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda may oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 971 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Bunda 39 mlrd 332 mln so‘mlik elektr energiyasi (46 mln 264 ming kilovatt soat) va 28 mlrd 492 mln so‘mlik tabiiy gaz (18 mln 124 ming metr kub) talon-toroj qilinishi sababli davlat manfaatlariga jami 67 mlrd 825 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.