4-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yashnobod tuman sudi 42 yoshli bloger Murod Maxsudovni 7,5 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi, keyinroq poytaxt sudlari matbuot xizmati tasdiqladi.

Muqaddam sudlanmagan bloger Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining “a” va “g” bandlari (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat), 165-moddasi 2-qismining “b” bandi (Ko‘p miqdorda tovlamachilik) va 167-moddasi 2-qismining “b” va “g” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha aybdor deb topildi.

Shu bilan birga, sud Murod Maxsudovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1 va 2-qismlari (Ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik) bo‘yicha aybsiz deb topdi va reabilitatsiya qildi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, sud yopiq eshiklar ortida o‘tgan.