3-iyun kuni “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning o‘g‘li, akasi — jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud jarayoni boshlandi, jarayonda “Gazeta.uz” muxbiri ham ishtirok etdi.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida JIB Shayxontohur tumani sudi raisi Tolibjon Obidov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq sudlanuvchilarni nomma-nom sanab, ular nimada ayblanayotgani haqida yozgandik.

Oliy sud axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 36 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish va 1 nafariga garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan. Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi doirasida 46 nafar jabrlanuvchi va 70 nafar guvoh aniqlangan.

3-iyun kungi sud majlisi soat 12:00 larda boshlandi. Sud bo‘layotgan zal kichikligi sababli OAV vakillari va sudlanuvchilarning yaqinlari jarayonni ikkinchi zalda monitor orqali kuzatib bordi.

baхти тaшкентский, sud

Foto: “Gazeta.uz”

Ikki soat davom etgan sud jarayonida dastlab 37 nafar sudlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritildi. Shundan so‘ng advokatlar va sudlanuvchilarning iltimosnomalari tinglandi. Qisqa tanaffusdan so‘ng — soat 15:30 da boshlangan sud majlisida davlat ayblovchisi tomonidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan e’lon qilingan ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi.

Xususan, sudlanuvchi N.Jumaniyazovaning advokati Abdumalik Abdullayev himoyasidagi ayolning to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, eng kichigi 2 yoshdan sal o‘tgani, hozirda sog‘lig‘i yaxshi emasligi, oilaning yagona boquvchisi ekani hamda sudlanuvchilar orasida faqat bir nafar ayolligini inobatga olib, Jumaniyazovaga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirishni so‘radi.

Jumaniyazova ham sud raisidan uni uy qamog‘iga o‘tkazishni iltimos qilarkan, qamoqqa olinganidan buyon, ya’ni olti oy davomida na onasini, na farzandlarini ko‘rganini, unga nisbatan qo‘l ko‘tarishlar holatlari bo‘lganini ta’kidladi. Ammo sud advokat Abdullayevning iltimosnomasini ko‘rib chiqib, rad etdi.

53 yoshli Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida ayblanmoqda:

  • 104-modda 3-qism “g” bandi (Uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish / 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 109-modda 2-qismi (Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish / ba’zaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 138-modda 1-qismi (Birovni zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish / BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 165-modda 3-qismi “a”, “v” bandlari (Tovlamachilik / 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 168-modda 4-qismi “a” va “v” bandlari (Firibgarlik / BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 228-modda 2-qismi “a”, “b” bandlari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish / 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 228-modda 3-qismi (Hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish / BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 242-modda 1-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoxud uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo‘lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat / 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish / 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 276-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish / 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • 277-modda 2-qismi “b” va “v” bandlari (Bezorilik / 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi).

Ammo Baxtiyor Qudratullayev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror emasligini bildirdi. Uch nafar sudlanuvchi qisman, qolganlari esa ayblovlarga iqror emasligini ta’kidladi.

Sud 5-iyun soat 10:00 ga qadar tanaffus e’lon qildi.