Iyun oyining birinchi ish haftasi davomida O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Faqat ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, 4−5-iyun kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda jadalligi kamroq bo‘lgan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ushbu kunlarda respublika hududining katta qismida qulay harorat foni saqlanib turadi, haftaning birinchi yarmida harorat 29−32 daraja, haftaning ikkinchi yarmida 32−35 daraja issiq bo‘ladi. Faqat janubda va cho‘l hududlarda harorat kunduz kunlari 36−39 darajagacha ko‘tariladi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, 3−5-iyunda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi. Harorat 3−5-iyunda 30−33 daraja, 6−7-iyunda 32−35 daraja issiq bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 18−21 daraja iliqqagacha bo‘ladi.