28−29-may kunlari Toshkentda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya temiryo‘l administratsiyalari vakillarining CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar CASCA+ transport yo‘lagini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalarni muhokama qildi. Muhokama davomida mazkur transport yo‘lagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan konsorsium tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Bundan tashqari, tashkilot yo‘lak bo‘yicha tez buziluvchi (meva-sabzavotlar) yuklarni refrijerator (muzlatkichli) konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish hamda yo‘lakning sayt faoliyatini rivojlantirgan holda yo‘lak bo‘ylab harakatlanuvchi vagon va konteynerlar joylashuvini (dislokatsiyasini) onlayn tarzda kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Ma’lumot uchun, CASCA+ Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat temir yo‘llari qo‘shma tashabbusi hisoblanadi. Hozirda bu yo‘nalish uchta mintaqa — Markaziy Osiyo (Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon va Gruziya), Anadolu (Turkiya)ni qamrab olgan.

Yo‘nalish nomidagi “+” belgisi marshrut bo‘ylab tashishdan manfaatdor bo‘lgan yangi potensial ishtirokchilarni qabul qilishga tayyorligini bildiradi, uning yakuniy maqsadi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan, Xitoyni Yevropa bilan bog‘lashdir.