Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev jurnalist va blogrelar bilan matbuot anjumanida xalq puli davlat budjetiga o‘tsa, u davlatning puliga aylanishini aytgan video tarqaldi.

Matbuot anjumanida qashqadaryolik blogerlardan biri Umid Karimov davlat xizmatchilarini ijtimoiy tarmoqlarlarda tanqid qilish taqiqlanadigan bo‘lsa, ular davlat budjetidan oylik olmasligi kerakligini, chunki amaldorlar xalq to‘lagan soliqlardan oylik olayotganini aytgan.

Boshqarma rahbari esa bu fikrlarga qo‘shilmasligini hamda xalq puli degan narsa yo‘qligini ta’kidlagan.

“Mana shu narsaga — biz to‘lagan soliq degan tushunchaga avvaldan tortishaman. Soliqni hamma to‘laydi, bitta siz emas. Shu jumladan, o‘sha oylik oladigan xodimning o‘zi ham to‘lagan solig‘ining ma’lum bir qismi aylanib o‘zga keladi. Demak, xalq puli, xalq mulki degan narsa davlat budjetiga o‘tdimi, o‘z-o‘zidan u davlatning puliga aylanadi. U qanday yo‘l bilan shakllanishi — ikkinchi masala. Chunki unda hamma ishtirok etadi”, — adliya boshqarmasi vakili.

Bloger, shuningdek, amaldordan qachondir ishdan bo‘shab, jurnalistlarga murojaat qilish kerak bo‘lgan paytda bu fikrlashi bilan qanday yo‘l tutishiga ham qiziqqan.

“O‘sha paytdani qonunlar qanday bo‘lsa, o‘sha qonunlarni hurmat qilaman. Chunki boshqa variant ham yo‘q”, — deya javob bergan Salohiddin Nuriyev.

Ma’lumot uchun, Nuriyev 2024-yilning fevralidan buyon viloyat adliya boshqarmasiga rahbarlik qilib keladi. Bungacha u 2019-yildan buyon Samarqand viloyati boshqarmasida ishlab kelgan.

Adliya vazirligi munosabati

Adliya vazirligi hozirda mazkur holat vazirlik tomonidan o‘rganilayotgani, o‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga baho berilishini bildirdi.

Shu bilan birgalikda, davlat organlari o‘z faoliyatida xalq oldida hisobdor ekanligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgani, shu jumladan, Adliya vazirligi faoliyati jamoatchilik oldida qat’iy hisobdorlik prinsipi asosida tashkil etilganini eslatib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

Barcha fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari belgilangan tartibda, shu jumladan davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin, deyiladi xabarda.