31-may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Tailand va Filippinning mamlakat uchun tayinlangan yangi elchilaridan ishonch yorliqlari qabul qilib olindi. Bu haqda TIV rahbari Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Tailand Qirolligining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Sasivat Vongsinsavat bilan uchrashuvda siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, turizm, xalq diplomatiyasi va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Filippinning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Roberto G. Manalo bilan uchrashuvda esa mamlakatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashildi.

“Shubhasiz, o‘zaro hamkorlik kun tartibini barcha yo‘nalishlarda kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi janob elchining O‘zbekiston-Filippin munosabatlarida foydalanilmagan ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi xabarda.