“Gazeta.uz”ning Telegram`dagi murojaat botiga Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan mahalladagi stadion buzilayotganidan norozi aholi vakillarining shikoyati kelib tushdi.

Unda aytilishicha, tumanning Yangiyer mahallasidagi stadionni buzib, o‘rniga bog‘cha qurish ishlari boshlangan. Mazkur mahallada 4800 dan ziyod aholi istiqomat qiladi.

“Bu holatdan Yangiyer xalqi mutlaqo norozi bo‘lishmoqda… Mahalladagi farzandlarimizning bittayu bitta ovunadigan joyi — shu. Yangi stadion qurish o‘rniga, nega bor stadionni buzishmoqda?” — deyiladi murojaatda.

stadion buзилishи, янгиер mahallasi, қuмқўрғон tumani

stadion buзилishи, янгиер mahallasi, қuмқўрғон tumani

Bundan tashqari, qurilish ishlarini olib borish uchun xavfsizlik nuqtai nazaridan hudud o‘ralmagani haqida so‘z borgan. Ilova qilingan suratlarda ekskavatorlar oldida yosh bolalar o‘ynab yurganini ko‘rish mumkin.

stadion buзилishи, янгиер mahallasi, қuмқўрғон tumani

Murojaatda, shuningdek, qurilish pasporti yo‘qligi, hech narsa haqida ogohlantirilmagani aytiladi.

Hokimlik munosabati

Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Asqar Safarovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, u yerda ishlar qonuniy tarzda olib borilmoqda.

“U yerda ish qonuniy ketyapti. O‘sha yerdagi stadionning bir burchagidan mahalla uchun davlat bog‘chasi qurilyapti. Mahalla aholisining 150 nafar bolasi bog‘cha qamroviga muhtoj. Bu mahalla bilan yonma-yon Mustaqillik mahallasi bor. U yerdagi 63 nafar bola ham Yangiyerdagi xususiy bog‘chaga qatnaydi. Shuni hisobga olib, nuroniylar va boshqalar — mahalla kengashining iltimosi va prezident dasturiga binoan bo‘sh va qarovsiz turgan stadionning bir burchagida 35 sotix maydonda [bog‘cha qurilyapti]”, — dedi u.

Asqar Safarov ish olib borilayotgan hududning umumiy maydoni 115 sotix ekani, 35 sotixdan tashqari, yana 80 sotix joy stadion uchun qoldirilayotganini ta’kidladi.

“Fuqarolar o‘sha qolgan yerda bayram tadbirlari, uumuman, qanday tadbir bo‘lsa, stadiondan foydalanishi, yoshlar o‘yin o‘ynashi mumkin. Buni viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham aytgan edi. Bugun hokimimiz ham tushuntirdi. U yerda qurilayotgan davlat bog‘chasi fuqarolarning o‘zi, ularning bolalari uchun [xizmat qiladi]”, — deb ta’kidladi hokimlik vakili.

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, 2019-yilda bog‘cha qurish yuzasidan taklif kiritilgan, ammo reja bekor bo‘lib, ishlar amalga oshirilmagan.

“2023-yil 11-sentabrdagi Vazirlar Mahkamasining rayosat yig‘ilishi 83-bayonnomasi hamda prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi 404-sonli qarori 11-bandiga asosan, tumanning Yangiyer mahallasidan 90 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi belgilangan. Bu joy tuman hokimligi zaxirasiga olingan, tashlandiq, hech kim egalik qilmaydi u yerga. 4−5 yoki undan ham ko‘proq yil oldinroq bu hudud hokimlik zaxirasiga olingan”, — deya qo‘shimcha qildi Safarov.

Matbuot xizmati rahbari “Agar ishlar qonuniy qilinayotgan bo‘lsa, aholi bilan bu haqda gaplashilmadimi?” degan savolga quyidagicha javob berdi.

“Xalq tushunishni xohlamayapti. Qurilayotgan MTT o‘sha xalqning farzandlari uchun. Ular bizga stadion kerak, bog‘cha emas, demoqda. Vaholanki, Yangiyer mahallasida 4800 dan ortiq aholi yashaydi. Ushbu mahallada xususiy bog‘chalar bor, ammo birorta davlat bog‘chasi yo‘q. Bolalar esa bog‘cha ta’limi bilan to‘liq qamrab olinmagan”, — dedi u.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar qazish ishlari boshlangan kunning o‘zidayoq stadion hududi va kovlamalarga suv toshirib yuborgan. Ishlar shu sababli to‘xtab qolgan.

“31-may kuni hududdagi 4 ta sektor rahbarlari Yangiyer mahallasiga borib, aholi bilan gaplashdi. Bu ishlar davlat dasturi asosida bo‘layotgani fuqarolarga tushuntirildi. Yana qandaydir tushunmovchilik bo‘lsa, xalqni yig‘ib, tushuntirish olib boriladi”, — deya ta’kidladi Asqar Safarov.