Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023-yilda davlat xaridlari sohasini rivojlantirishga qaratilgan 6 ta normativ huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bu haqda 2023-yilgi davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosi yuzasidan hisobotda ma’lumot berilgan.

Qayd etilishicha, bu hujjatlar qonun, prezident farmoni va qarori, hukumat qarori va 2 ta idoraviy buyruqni o‘z ichiga oladi.

Jumladan, vazirlik tomonidan Vazirlar Mahkamasining “2024−2026-yillarda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori ishlab chiqilgan va tasdiqlash uchun hukumatga kiritilgan.

Davlat xaridlari sohasida raqobat muhitini kuchaytirish hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat buyurtmachilariga doimiy tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xaridlarni amalga oshirish huquqini beruvchi normativ-huquqiy hujjatlar qayta xatlovdan o‘tkazilgan va xatlov natijalariga ko‘ra mazkur huquqlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilgan.

Xususan, ushbu hujjat loyihasi bilan davlat xaridlari tizimida:

  • “yashil” xarid (green procurement) hamda “barqaror” xarid (sustainable procurement) turlarini joriy qilish va xaridlar bozorida tadbirkorlik subyektlarining ishtirokini oshirish;
  • Raqamlashtirishda sun’iy intellektdan foydalangan holda xaridlar sohasining barcha jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va ularning oldini olishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish;
  • to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishdan avval mazkur shartnomadagi narxlarni oldindan majburiy tarzda jamoatchilikka ochiqlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • biznes jarayonlarini tahlil qilish va soddalashtirish hamda innovatsion hamkorlik va tijoratdan oldingi xaridlar (pre-commercial procurement) kabi yangi xarid turlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Vazirlik, bundan tashqari, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish maqsadida 2024-yildan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yosh tadbirkorlarga xaridlar bozorida imtiyozli shartlarda ishtirok etish imkoniyati yaratilganini qo‘shimcha qildi.

Bunda davlat xaridlari maxsus axborot portalida kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlariga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish imkoniyatini beruvchi alohida sahifa tashkil etilgan.

Shuningdek, yana quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

  • davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha alohida elektron modul (sahifa) yaratildi. Mazkur modul (sahifa) orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayoni to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi;
  • ayrim to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni namunaviy shakl asosida elektron tarzda tuzish imkoniyati yaratildi;
  • ishtirokchilarning narx takliflarini baholashda QQS summasini inobatga olmasdan davlat xaridlarining elektron tizimi orqali avtomatik taqqoslash amaliyoti joriy qilindi;
  • davlat xaridlarida qatnashayotgan ishtirokchilarining o‘z roziligiga ko‘ra taqdim etgan takliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat xaridlari elektron tizimida barcha uchun ochiqlash imkoniyati yaratildi;
  • davlat xaridlari jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi holatlarini elektron tarzda aniqlash imkoniyati amaliyotga joriy qilindi;
  • davlat xaridlari elektron tizimida ko‘p (ikki va undan ortiq) yillik shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishga imkon beruvchi tizim yaratildi;
  • davlat buyurtmachilari hamda tadbirkorlik subyektlari bilan “Biznesga ko‘mak” tamoyili asosida hududlarda amaliy seminarlar tashkil etildi.