Uzbekistan Airports ijtimoiy tarmoqlardagi Toshkent aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchi hushidan ketgani aks etgan videolavhaga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, videodagi odamlar Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 19:04 da poytaxtga yetib kelgan. Yuklarni tushirish esa 19:23 da “o‘z vaqtida” amalga oshirilgan.

“Yo‘lovchilarning to‘planib turishi aeroportda yuklarning kechikishi bilan bog‘liq emas”, — deya tushuntirdi tashkilot.

Uzbekistan Airports`ning ta’kidlashicha, yuklar olingach, bojxona nazoratiga o‘tish joyida ayrim yo‘lovchilar tijorat maqsadida olib kelgan tovarlarini rasmiylashtirishdan bosh tortgan va shu sababli yo‘lovchilar to‘planib qolgan.

Ayni shu vaqtda ulardan biri hushidan ketgan. Ayolga aeroport tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Uning hushdan ketishiga sog‘lig‘idagi muammolar sabab bo‘lgan, deya qayd etiladi xabarda.

Tashkilotning eslatishicha, jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadida tovarlar olib kirilayotganda bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo‘llanadi. Tijorat maqsadlari uchun mo‘ljallangan tovarlar bojxona yuk deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi va bojxona to‘lovlari belgilangan bojxona stavkalari bo‘yicha undiriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi qo‘llanadi.